ASL TARAQQIYOT MEZONLARI
Afsuski, hali oramizda milliy g‘oyaning, ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmaganlar, ma’naviyat kerakmi-yo‘qmi deb yurganlar ham yo‘q emas. Shavkat Mirziyoyev
XXI asrda xalqaro hamjamiyat iqtisodiy va texnologik yuksalishga intilish, ijtimoiy farovonlikka erishish, sog‘liqni saqlash, tinchlik va atrof-muhitni himoya qilish jarayonida global kasalliklarga, kiberhujumlarga qarshi kurashish muammolariga duch keldi. Bu muammolar sammitlarda muhokama qilinayotir, ilmiy jihatdan o‘rganilib, xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar o‘qilmoqda. Dunyoning goh u, goh bu burchagida yuz berayotgan falokatlar, urush, milliy va etnik mojarolar keng muhokama qilinmoqda. Imkon topilganda ularning sababchilari izlanib, aybdorlarga jazo choralari ham qo‘llanayotir.
Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Millat yoki xalqning yetakchisi sanalgan ayrim davlat rahbarlarining dunyo siyosiy ayvonida ko‘rsatayotgan qiliqlaridan oddiy kishilar ham ijirg‘anayotganiga guvohmiz. Bugun ayrim og‘ziga kuchi yetmaganlarning ommaviy axborot vositalaridagi tinimsiz aytishuvlarini bee’tibor qabul qiladigan bo‘ldik, hatto bir jinsli oilalarga, jinsini o‘zgartirayotgan kishilar haqidagi gaplarga o‘rganib ham qoldik.
Holbuki insoniylikning tamal toshi bo‘lgan ma’naviyat masalasi nafaqat BMT anjumanlarida, hatto oddiy xalqaro yig‘inlarda ham muhokama qilinganini ko‘rmadik, eshitmadik. Dahri dunda inson oliy mavjudot ekani ulug‘lanayotgani holda, uning asl mohiyati bo‘lmish ma’naviy qiyofasini takomillashtirish masalasi hali biror marta ham jahonning oliy minbarlarida umuminsoniy muammo sifatida ko‘tarilmadi. Umuman olganda, dunyodagi barcha illat, jinoyat, urush va ijtimoiy-siyosiy, ekologik inqirozlarning ildizini shaxs ma’naviyatidan qidirish, bor muamolarning yechimi ana shu zarrada mujassamligi e’tibordan chetda qolmoqda. Go‘yoki bu masala juda ham eskirib ketgandek, unga o‘rta asrlarga xos ko‘hna masaladek qarash urfga kirdi. Shaxsning ma’naviy dunyosi uning iqtisodiy va moliyaviy muammolari o‘pqonidan chiqolmayotir. Yangi asr kishisi butun borlig‘i bilan insoniyat uchun yagona hukmdor bo‘lgan bozorning quliga aylanib bormoqda. Bu – davrimizdagi eng og‘riqli va xavotirli muammo.
Global bozor zamonida yashamoqdamiz. Uning qonunlari shafqatsiz. Uning insoniylikni tan olishi juda qiyin. Shunday bir zamonga yetdikki, mohiyat nuqtai nazaridan dangasalik kabi illat ham zamonaviylik va tadbirkorlik sifatida tushuniladigan bo‘lib qoldi. Harakatsizlikka moyilligimiz yangidan-yangi qulayliklarga ehtiyoj tug‘dirmoqda. Yalqovligimiz bozor tomonidan rag‘batlantirilmoqda. Ayrim ayollarimizga (ular soni ortib bormoqda) er kerak emas, chunki o‘zini-o‘zi eplay oladi, qolaversa, erki o‘zida bo‘ladi. Sotsial tushuncha bo‘lgan «er»dan biologik kategoriya bo‘lgan «erkak» ustuvorligi kuchaymoqda. Oilaviy saodat o‘rnini ijtimoiy baxt egallamoqda. Soxta gender tenglikka intilish aslida gender mohiyatni yemirishga olib kelmoqda.
Kommunikatsion texnologiyalar aql bovar qilmas darajada shiddat bilan rivojlanayotir. Tabiat muvozanatini saqlab turadigan hayvonot dunyosi esa qirilib ketayapti. Kimyoviy fetishizm shu darajada kuchaydiki, ximikatsiz ozuqa anqoning urug‘iga aylandi. Chorvador qo‘yini, parrandaboqar tovug‘ini, baliqchi balig‘ini kimyoviy dorisiz yetiltira olmay qoldi. Balki yetiltirsa bo‘lar, lekin bu tez va oson ish emas. Bog‘bon esa mevasini «zo‘rlab pishiradi». To‘q va halovatli hayot emas, boylik va daromad bosh maqsadga aylanmoqda.
Har kuni yangi rusumdagi telefon apparati, televizor, avtomobil namoyish etiladi. Qiruvchi samolyot, ballistik raketalarning yangi turini yaratish uchun tinimsiz kurash ketmoqda. Chunki bozordagi yetakchilikni qo‘ldan bermaslik kerak. Virus va kasalliklar tarqaladi. Keyin antivirusning yangi xili bozorga chiqariladi. Hakalak otgan energetika nafsi esa yangi davr urushlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu tariqa global iqtisodiy taraqqiyot o‘z-o‘zidan shaxsning global ma’naviy tanazzuliga sababchi bo‘lib qoldi. Foyda va zarar tushunchasida «moddiylik» ma’nosigina qoldi. Cho‘ntakka tushgani foyda, chiqqani zarar deb ko‘riladigan bo‘ldi. «Halol» va «harom» tushunchalari faqat yeyiladigan narsalarga nisbatan qo‘llanadigan zamonda yashayapmiz.
Erishilgan yutuqlardan qanoatlanmaslik XXI asr kishisining fazilatiga aylandi. Iqtisodiyot yuksalib, moddiy boyliklar ko‘payishi o‘z-o‘zidan ma’naviyatni soyada qoldirib, insof, diyonat, axloq tushunchalarini eskirtirib, bora-bora ularning mohiyatini tubdan o‘zgartirib yubordi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, hozirgi zamonda moddiyatning yuksalishi va rag‘batlantirilishi ma’naviyatning tanazzuli evaziga kechmoqda. Bunga iqtisodiyoti yuksalgan, ammo ma’naviyatni boy berish hisobiga boshi berk ko‘chaga kirib borayotgan G‘arbning ayanchli ahvoli misolida amin bo‘lishimiz mumkin.
Bugungi zamonda taraqqiyot deganda odatda inson uchun qulayliklar darajasi, farovonlik, texnika yuksalishi, davlatning iqtisodiy va moliyaviy rivojlanishi anglanadi. Taraqqiyot so‘zi o‘zagini moddiylik tashkil etishi haqidagi tasavvur ommalashdi. Taraqqiyot sifatida nimani tushunasiz deb so‘rasangiz, «axloqiy taraqqiyot», «vijdon yuksalishi», «insof o‘sishi», «nafsni jilovlash», «sabr tarbiyasi», «qanoat oshishi» degan javobni ololmaysiz. Hatto bular musobaqalashayotgan xalqlarning taraqqiyotdan orqada qolishiga sabab bo‘ldi degan noma’qul iddaolar ham aytilmoqda.
Biz bobolarimizga nisbatan har jihatdan to‘kis va qulay sharoitda yashayapmiz. Lekin vijdonimiz, sabrimiz, qanoatimiz, haromdan hazar qilishimiz ham shu darajada yuksaldimi? O‘zgalar haqida qayg‘urishimiz-chi? Keyingi yuz, besh yuz yil davomida inson ma’nan qay darajada taraqqiy etdi? E’tiqodimiz qay darajada mustahkamlandi? Insonga muhabbat bizda ajdodlarimizdagidan ustunroqmi?
Ilm-fan shiddat bilan yuksalmoqda. Lekin u insonning ma’naviy holatiga tegishli bo‘lgan ma’rifatga qay darajada xizmat qilmoqda?
Ta’kidlash lozimki, taraqqiyot faqat moddiy tushunilar ekan, bu aslida aksiltaraqqiyot bo‘lib qolaveradi. Inson ma’nan yuksalmas ekan, moddiy taraqqiyot qanday ko‘rinishda bo‘lmasin salbiy mohiyat kasb etadi.
Har qanday maqsadli va rejali faoliyat natijaga yo‘naltiriladi. Natijani baholash mezonlari aniq bo‘lgani tufayli faoliyat ham muayyan yo‘nalishda kechadi. Masalan, o‘qituvchi talabalarga ma’ruza o‘qiydi. Bunda dastlab beriladigan bilim va uni o‘zlashtirishni baholash mezonlari ishlab chiqiladi. Bu mezonlar o‘quv predmetining har bir mavzusi, bo‘limi, to‘liq kurs bo‘yicha yaratiladi. Natija tegishli ball yoki baho bilan o‘lchanadi.
Biroq ta’lim jarayonini tarbiyaviy ishlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning asosini esa ma’naviy-ma’rifiy masalalar tashkil etadi. Mamlakatimizda hatto ta’limdan tashqaridagi sohalar uchun ham ma’naviyat va ma’rifat masalasi – muhim jabha. Davlatimiz ma’naviyat sohasida ham bosh islohotchi, bu jihatdan dunyodagi istalgan mamlakatga o‘rnak bo‘la olamiz, Bu – ulkan yutug‘imiz. Ammo shaxs ma’naviyati yuksalishi borasida qanday yutuqlarga erishayapmiz? Natijalar nimada aks etpyapti? Uni qanday mezonlar bilan o‘lchaymiz va baholaymiz?
Har bir tashkilot, olaylik, o‘quv yurtida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maxsus yillik reja bor. Unda ko‘zda tutilgan ishlar sirasida asosiy o‘rinni ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. O‘quvchi va talabalar son-sanoqsiz tadbirlarga jalb etiladi. Bunga qancha mablag‘ va vaqt sarflanishining o‘zi natija nuqtai nazaridan boshqa masala. O‘quv yurtida ishlaydigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mutasaddi bo‘lgan bir hamkasbim yil davomida uch yuzdan ortiq tadbir o‘tkazgani bilan faxrlangani esimda. Ammo bu son-sanoqsiz tadbirlarning natijasini nima bilan baholaymiz deganimda, «qatnashchilar soni bilan» degan javobni eshitib, hafsalam pir bo‘lgan edi. Demak, kutilgan natija shunday bo‘lgandan keyin faoliyatni qanday baholashni mendan yaxshi bilasiz. Oliy ta’limdagi oddiy o‘qituvchi sifatida meni bu muammo qiynaydi.
Natijasi aniq bo‘lmagan, aniqrog‘i, aniqlab bo‘lmaydigan faoliyatga sarflanayotgan mablag‘ va vaqt o‘zini qanchalik oqlaydi? Ovchining faoliyati bo‘shatilgan o‘qlar miqdori bilan emas, balki qo‘lga kiritilgan o‘lja (natija) bilan belgilanmaydimi?
O‘quv yurtlaridagi aksariyat talabalar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan o‘zini olib qochishga harakat qiladi. Ulardan bu haqda so‘raganimda, «o‘zimiz bilgan narsalar», «bekorga vaqtim ketadi», «qanday natija berishini bilmayman», «shunchaki kirib chiqamiz» kabi gaplardan nariga o‘tishmaydi. Hatto talabaning haftadagi bir kunlik oromiga ham chang solib, turarjoylarida ertalabdan «ma’naviy» tadbirlar o‘tkazishga ruju qo‘ydik. Shuning uchun ham Prezident ma’naviy tarbiya tizimining yangi platformasi, strategiyasini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yaratish zarurligini alohida ta’kidladi.
Tadbirlar asosan odam savdosi, terrorizm, giyohvandlik, «ommaviy madaniyat» kabi muammolarga bag‘ishlangan, faqat oqibatlarga qarshi kurashish mazmunida bo‘ladi. Lekin tadbirlarda mazkur muammolarning sabablari bo‘lgan shaxs ma’naviyati masalasi hech qachon ko‘zda tutilmaydi. Deylik, vijdon, halollik, insof, andisha, sabr, qanoat, jonkuyarlik kabi masalalar muhokama qilingan biror tadbirni hali ko‘rmadik.
Bir qarashda son-sanoqsiz tadbirlar ma’naviyatni yuksaltirishga emas, balki talabalarni ko‘proq band qilib turishga yoki turli oqim va yo‘llarga chalg‘ib ketmasligi uchun ularda bo‘sh vaqt qolmaslik maqsadiga bo‘ysundirilgandek tasavvur uyg‘otadi. Buning sababi «afsuski, hali oramizda milliy g‘oyaning, ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmaganlar, ma’naviyat kerakmi-yo‘qmi deb yurganlar ham yo‘q emas»ligidadir.
Demak, ishni milliy g‘oya, ma’naviyat va mafkura ifodalarining istilohiy ma’nolarini aniq-tiniq farqlashdan boshlamas ekanmiz, amallarimiz kutilgan natijani bermaydi. Ular orasida «ma’naviyat» va «mafkura» tushunchalari munosabati markaziy o‘rinni egallaydi.
«Ma’naviyat» tushunchasi inson va jamiyatning moddiy ishlab chiqarishga bevosita oid bo‘lmagan aqliy faoliyati mahsulotlariga (ma’naviy madaniyatiga) hamda axloqiy, diniy qarashlarga va iymon-e’tiqod amaliyotiga nisbatan ishlatiladi. Rus tilida bizning «ma’naviyat»ga «duxovnost» tushunchasi mos keladi (DUXOVNOST, -i, j. Svoystvo dushi, sostoyashee v preobladanii duxovnix, nravstvennix i intellektualnix interesov nad materialnimi). Lekin duxovnost o‘zbek tiliga aynan tarjima qilinsa, «ma’naviyat» emas, «ruhiyat» yoki «ruhoniyat» bo‘ladi. G‘arb tillarida ham bu tushunchani ifodalaydigan atama «ruh» o‘zagidan olingan.
Ko‘rinadiki, o‘zbek ongida «ma’naviyat» tushunchasi rus va boshqa Yevropa milliy-madaniy muhitidagidan ko‘ra kengroq va xalqchilroq mohiyatga ega. «Ma’naviyat»ning tarkibiy qismidan bo‘lgan «iymon» diniy mohiyatga ega, «duxovnost» atamasi esa to‘lig‘icha diniy ma’noda. Shuning uchun «ma’naviyat» ifodasini rus tiliga «duxovnost» so‘zi bilan o‘girish o‘zini oqlamaydi deb o‘ylaymiz. Uning yevropa tillarida aynan muqobili yo‘q. Balki «ma’naviyat» so‘zini boshqa tillarga zo‘rma-zo‘raki tarjima qilishga chiranish behudadir. Ko‘p so‘zlarni yevropa tillaridan tarjimasiz, aynan olayotgan ekanmiz, ma’naviyat so‘zini ham u tillarda tarjimasiz berish yo‘lidan borishimiz kerakka o‘xshaydi.
Olimlar ma’naviyat istilohining kelib chiqishini ikki asosdan biriga taqaydilar. Birinchisi – kalom ilmi. Kalom ilmi bir necha qismga bo‘linadi: a) borliqdan avval haqidagi ta’limot – qumun; b) atomlar haqidagi ta’limot – javhar al-fard; v) sababiy bog‘lanish haqidagi ta’limot – tavallud; g) mohiyat haqidagi ta’limot – ma’no. Shu asosda olamning mohiyati haqidagi ta’limot «ma’na» deb atalgan.
Faylasuf A. Erkayev ma’naviyat istilohining ikkinchi taxminiy ildizini qadimgi hind tilidan izlaydi, ya’ni ma’naviyat so‘zining o‘zagi «ma’na» qadimgi hind falsafasining asosiy tushunchalaridan biri bo‘lgan «ma’nas» tushunchasiga borib taqalishi mumkin, ya’ni arab tilidagi «ma’na» uning ta’sirida mazmunini kengaytirgan bo‘lishi mumkin deydi. «Ma’nas» sanskrit tilida «aql» degani. Qadimgi hind falsafasining o‘zak tushunchalaridan biri sifatida u fahm-farosat, hissiyot, tuyg‘u, sezgi, iroda va hokazolar manbai. Arabcha ma’na so‘zining qadimgi sankrit tilidagi ma’nas so‘zidan kelib chiqqanligi haqida farazlar dalilsiz emas. Masalan, hind-arab ilmiy-ma’rifiy aloqalarning qadimiyligi. «Tibbiyot va riyoziyot kabilarda arablar ko‘p masalalarni hindlardan o‘zlashtirdilar. Bag‘dodga Hindistondan ko‘plab riyoziyotchi olimlar kelishar edi. Arab talabalari Shimoliy Hindistondagi tibbiyotga ixtisoslashgan Takshashila dorilfununida tahsil olishar edilar. Sanskritdan arab tiliga kitoblar tarjima qilinar edi» (iqtibos kimniki?).
Demak, ma’naviyat istilohi o‘zbek tiliga arab tilidan, arab tiliga esa qadimgi sanskritdan o‘zlashganini e’tirof etish uchun ilmiy asoslar yetarli.
Ma’naviyat avvalo inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha sifatida qaralib, ruhiyat va aqlning yaxlitligi deya baholanishi urf bo‘lgan. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oluvchi hodisa ekan, unda xalqimizning «Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin» degan maqolini qanday tushunmoq kerak? Ma’naviyat ba’zi talqinlarda «shaxsning ichki olami» sifatida qaraladi. Unda shaxs psixologiyasi va shaxs ma’naviyati bir narsami? O‘qish-yozishni bilmaydigan yuksak ma’naviyatli kishilarni bilamiz. Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» asaridagi manqurlik timsoli Sobitjon va Tansiqboyev – yetarli darajada o‘qimishli kishilar. Aksincha, Kazangap va Edigey qariyb savodsiz. Asarda Abutolib Quttiboyev va tarixchi Yelizarov esa o‘ta bilimdon, yuksak ma’naviyatli shaxslar sifatida beriladi. Sobitjon va Tansiqboyev ilm bilan ma’naviyatli bo‘lib qolishmagani kabi Abutolib Quttiboyev va tarixchi Yelizarov ham savodsiz bo‘lishganida ma’naviy qashshoq bo‘lisharmidi?
Ma’naviyat shaxsning ichki butunligini ifodalaydigan tushuncha. Shu bois ma’naviyatli shaxs, ma’naviyatsiz shaxs degan birikmalar o‘rinli va mantiqli.
«Ma’naviyat» va «mafkura» tushunchalari – yondosh hodisa. Mafkura eng avvalo biror davlatga mansub jamiyatda yashaydigan odamlarning hayot mazmunini, ularning intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Mamlakat, davlat va uning manfaati bor ekan, xalq o‘z taraqqiyot yo‘lini, kelajagini o‘zining milliy g‘oyalaridan iborat milliy mafkurasi orqali belgilab oladi. Bir mamlakat yoki davlatda yashaydigan turli millatlarning ezgu maqsadi, intilish va manfaatlarini himoya etuvchi, bir maqsad sari yetaklovchi, ularga taraqqiyot yo‘lini ko‘rsatuvchi g‘oyalar majmui mafkurani tashkil qiladi. Bu ikki tushuncha orasidagi farqni «Vatanni sevmoq iymondandir» degan hadisga murojaat qilish asosida ham farqlash mumkin. Zero, bunda, shu bilan birga, ularning qaysi birlamchi, qaysi ikkilamchi yoki qaysi asos va qaysi hosila ekanligini ham anglab olish qiyin emas. Vatanni sevmoq – mafkuraviy hodisa. Bu shaxsning iymonliligi bilan belgilanadi. Iymon esa ma’naviy tushuncha. Demak, iymon birlamchi, sevish – uning mahsuli. Bundan ma’naviyat birlamchi, mafkura ikkilamchi hodisa degan xulosa kelib chiqadi.
Aytish mumkinki, «ma’naviyat»ni «ruhiyat» va «aql» kategoriyalaridan izchil farqlamaslik, talqinlardagi chalkashliklar – ma’naviy-ma’rifiy faoliyatimizdagi taysallashlarning bosh sabablaridan biri. So‘zning ma’nosi aniq bo‘lmas, ravshan anglanmas va qalban his etilmas ekan, bu so‘z ifodalaydigan hodisa tushunarsiz, uning ustida olib borilayotgan ishlar qorong‘ilikda turtinib-surtinib harakatlanishga o‘xshaydi.
Tarix fanlari nomzodi, dotsent Saodat Suleymanova «Ma’rifat» gazetasida 2017-yilda berilgan «Ma’naviyat – inson qadrining mezonidir» mavzusidagi maqolasida «axloq» kategoriyasining tarkibi haqida fikr yuritar ekan, uning 180 dan ortiq tushunchadan tashkil topishini aytadi. Bu maqola «Ma’naviyat» kategoriyasining har bir unsuri tarkibini aniqlashda namuna sifatida katta nazariy ahamiyatga egaligini ta’kidlash lozim. Olim haqli ravishda ta’kidlaganidek, «ma’naviyat» so‘zining ma’nosini to‘g‘ri uqqan kishi hayotda adashmaydi. Bu esa zimmamizga «ma’naviyat» kategoriyasini turli aspektlarda chuqur o‘rganish va natijalarni ma’naviy-ma’rifiy tarbiya jarayoniga tatbiq etish vazifasini yuklaydi.
Shaxsning ma’naviy takomillashuvi taraqqiyotning eng muhim omili ekanligini ongli idrok etish va shundan kelib chiqqan holda tarbiyaviy ishlarni yo‘lga qo‘yish tobora zalvori ortib borayotgan global muammolardan qutulishning eng to‘g‘ri yo‘lidir.
Baxtiyor MENGLIEV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Ma’naviy hayot” jurnali. 2021-yil 1-son.