ILM ISTA’DODNI EMAS, IZCHILLIKNI SINOVDAN O‘TKAZADI
Ilm faqatgina laboratoriya devorlari orasida emas, dalalarda, urug‘larda va kelajak avlod taqdirida ham yashaydi. O‘simlik geni muhandisi aynan shu nuqtada fan va hayotni bog‘lab turuvchi mutaxassisdir. Soha vakillarining izlanishlari tufayli yangi navlar, imkoniyat va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha zarur himoya vositalari paydo bo‘ladi. Bu galgi suhbatimiz mazkur murakkab, shu bilan birga, juda muhim sohada menat qilayotgan olim Xurshida Ubaydullayeva bilan bo‘ldi.
Ilm faqatgina laboratoriya devorlari orasida emas, dalalarda, urug‘larda va kelajak avlod taqdirida ham yashaydi. O‘simlik geni muhandisi aynan shu nuqtada fan va hayotni bog‘lab turuvchi mutaxassisdir. Soha vakillarining izlanishlari tufayli yangi navlar, imkoniyat va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha zarur himoya vositalari paydo bo‘ladi. Bu galgi suhbatimiz mazkur murakkab, shu bilan birga, juda muhim sohada menat qilayotgan olim Xurshida Ubaydullayeva bilan bo‘ldi.
Gen muhandisligi bo‘yicha taniqli olim, biologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi laboratoriyasi mudiri. Gen-nokaut texnologiyasini paxtada qo‘llash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan. Bu texnologiya natijasida hosildor, uzun va yaxshi tolali, qurg‘oqchilikka chidamli «Porloq» paxta navi yaratilgan.
Olimning yuzga yaqin ilmiy maqolasi chop etilgan. 2018-yilda o‘tkazilgan «O‘zbekiston xotin-qizlarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» II respublika tanlovida «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni olgan. Janubiy Koreyada o‘tkazilgan XII Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – «KIWIE – 2019»da loyihasi bilan qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. «O‘zbegim ayoli – 2020» milliy mukofotining «Ziyoli ayol» nominatsiyasi sovrindori. «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.
– Xurshida opa, nega aynan gen muhandisligi sohasini tanlagansiz? Sohaga sizni jalb etgan omil nima?
– Otam shifokor, onam hamshira edi. Bolalikda shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Bu orzu kitoblardan yoki filmlardan emas, otamning hayotidan boshlangan. U kishi odamlarning og‘irini yengil qilishni, bemorlar ko‘zida umid chirog‘i yoqishni o‘zining burchi deb bilardi. Otamning ish kuni aniq vaqt bilan chegaralanmagan: kunu tun, hatto bayram yoki dam olish kunlari ham bemorlar yonida bo‘lardi. Tong yorishib-yorishmay eshigimiz taqillab, kimdir isitmalagan bolasini, kimdir qon bosimi oshgan onasini yetaklab kelardi. Otamga bu hech qachon malol kelmagan. O‘sha kezlarda yonida jajji shogirdi – kamina bo‘lardim. Tokchadagi sterilizatsiyalangan asboblar, fonometr va shpatelni uzatib turardim. Qilayotgan yumushim menga zavq bag‘ishlardi. Otamga o‘xshab men ham odamlarga kerakli inson bo‘laman derdim o‘zimcha.
Maktabda tabiiy fanlarni yaxshi o me'yorda o‘qirdim. Kimyo fanidan olimpiadalarda qatnashib, respublika bosqichida yuqori o‘rinlarni egallaganman. Otam shifokor bo‘lishimga qarshi emas edi, ammo kutilmaganda fikri o‘zgarib qoldi. Balki bu kasbning mashaqqatlari haqida o‘ylab, meni avaylagandir deb o‘ylayman. Avvaliga xafa bo‘lib rosa yig‘ladim. So‘ng otamning maslahati bilan kimyo fakultetiga hujjatlarimni topshirdim.
Ustozlarim ilmiy faoliyatimni universitetda davom ettirishimni istashganiga qaramay, o‘qishni tugatib tug‘ilib o‘sgan yurtim – Namanganga qaytdim. Bu orada turmushga chiqib, maktabda dars bera boshladim. Bir yil ichida o‘quvchilarimni fan olimpiadalariga tayyorlab, munosib natijalarni qo‘lga kiritdik.
Peshonamga bitilgan ekan, ko‘p o‘tmay erimning xizmati yuzasidan yana Toshkentga ko‘chib keldik. Bolalarim yosh edi. Ularning yonida bo‘lish uchun bir muddat bog‘chada enaga bo‘lib ishladim. Bir kuni metroda universitetdagi ustozlarimdan biri bilan uchrashib qoldim. Ana shu uchrashuv taqdirimda yangi sahifa ochdi: ustozim bilan laboratoriyada birga ishlay boshladik.
Nomzodlik mezonida dissertatsiyasini yoqladim. Ilmiy rahbarim kimyogar bo‘lishiga qaramay ko‘proq genetik olimlar bilan hamkorlik qilardi. Bir gal ish yuzasidan hozirgi ish joyimga keldik va u yerda yetuk genetik olim Ibrohim Abdurahmonov bilan tanishdim. U kishi «Kimyogar bo‘lsangiz ham oqsillar bilan ishlagansiz. O‘simlik bioximiyasi bilan shug‘ullansangiz bo‘larkan. Biz bilan birga ishlang» deb taklif bildirdi.
Bu taklif menga ma’qul keldi va gen muhandisligi laboratoriyasida ish boshladim. Mana, o‘ttiz besh yildan beri shu sohada ishlab kelmoqdaman. Hayot meni turli yo‘llardan olib o‘tgan bo‘lsa-da, otam bergan saboqlar qalbimdan mustahkam o‘rin olgan: o‘z mehnatingga vijdon bilan yondashish, fidoyilik, odamlarga foydang tegishi... Navoiy bobomiz aytganiday:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur, Bilki bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur.
To‘g‘ri, men shifokor bo‘lolmadim, lekin qaysi sohada bo‘lmay odamlarga nafim tegishi mumkinligini angladim va shundan ruhlandim. Haqiqiy shifokorlik faqat tibbiyotdagina emas, avvalo inson qalbidan boshlanishini ilg‘adim.
– Ilmiy faoliyatingizda eng qiyin, ammo eng faxrlanarli loyiha qaysi bo‘lgan?
– Bu soha juda qiziqarli bo‘lishi bilan birga, o‘ta mas’uliyatli va mashaqqatli. Doktorlik dissertatsiyasini «Porloq» navining biokimyoviy tahlillari asosida yozganman. 2017-yilda laboratoriya mudiri lavozimiga tayinlandim. Albatta, «Porloq» loyihasi ilmiy faoliyatimizdagi ilk va eng muhim ishlardan biri bo‘ldi. Bu loyiha doirasida laboratoriyamizda transformatsiya jarayonidan boshlab, o‘simlikning dala sharoitiga chiqishigacha bo‘lgan barcha bosqichlar to‘liq amalga oshirildi.
Ushbu tadqiqotlar faqat paxta bilan cheklanib qolmadi, uzum va bug‘doy ustida ham ish olib borildi. Uch yil mobaynida beshta yirik ilmiy loyiha bajardik. Bu oson kechmagan. Guruhimiz bilan ko‘p qiynalganmiz, ayrim paytlarda kech soat 10-11 gacha laboratoriyada qolib ishlagan kunlarimiz ham bo‘lgan. Eng qiyin, biroq eng samarali ishlardan biri – 10 mingta tok ko‘chatini qalamchadan emas, hujayra orqali ko‘paytirib (In vitro deyiladi bunday usul), fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish bo‘ldi. 2017 – 2020-yillarda «In vitro tok (uzum)ning agronomik sifatlari yaxshilangan biotexnologik liniyalarini me'yorga keltirish uchun optimizatsiya qilish» nomli loyihaga rahbarlik qildim. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi, xususan, bog‘dorchilik sohasini tokning mahalliy navlaridan in vitro sharoitida yetishtirilgan, virusli va bakterial kasalliklardan xoli, yuqori seleksion ko‘rsatkichlarga ega sog‘lom ko‘chatlar bilan ta’minlashdan iborat edi.
Tadqiqotlar natijasida muhim samaralarga erishildi: tok ko‘chatlarini yetishtirish sikli qisqardi, kichik maydonlarda ko‘p miqdorda ko‘chat yetishtirish imkoniyati yaratildi, genetik jihatdan bir xil ekish materiallari olindi, ko‘chatlar tannarxi pasaydi va shu orqali valyuta sarfi ancha kamaydi.
Eng quvonarlisi, ushbu ish natijasida shogirdlarim dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli yoqlashdi.
– Gen muhandisligi bizga nima uchun kerak?
– Men bu sohani tanlaganimda faqat laboratoriya, formulalar yoki DNK zanjirlari bilan ishlashni emas, balki jamiyat taqdiriga daxldor yo‘lni tanlaganimni yaxshi anglar edim. Chunki gen muhandisligi – kelajak haqidagi fan. Tabiatdagi har bir mayda o‘zgarish, urug‘dan chiqqan yangi nav, kasallikka chidamli o‘simlik yoki uning organizmida kechayotgan yashirin jarayonlar men uchun doimo qiziqarli savol bo‘lib kelgan. Ilm esa menga avvalo to‘g‘ri savol qo‘yishni o‘rgatdi.
Bugun gen muhandisligi haqida turli fikrlar mavjud. Kimdir uni xavf deb biladi, kimdir umid sifatida qabul qiladi. Men uchun esa u avvalo mas’uliyatdir. Chunki genomga aralashish – faqat texnologiya emas, juda aniq qaror hamdir. Shu sababli men uchun olim bo‘lish faqat tadqiqot o‘tkazish emas, jamiyat bilan ochiq muloqot qilishni ham anlatadi.
Hozirgi kunda dunyo aholisi soni oshib borayotgan, iqlim o‘zgarishi kuchaygan, ekologik muvozanat izdan chiqqan bir sharoitda oziq-ovqat xavfsizligi butun insoniyat uchun dolzarb masalaga aylandi. Ana shu muammolarni hal etishda o‘simlik gen muhandisligi sohasi alohida ahamiyatga ega. Bu soha o‘simliklarning genetik tuzilishini o‘rganadi va ilmiy usullar orqali ularni yaxshilash imkonini beradi. Gen muhandislarining izlanishlari insoniyatni sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashga, qishloq xo‘jaligining barqarorligiga xizmat qiladi.
– GMO (genetik o‘zgartirilgan organizmlar) haqida jamiyatda qo‘rquv bor. Olim sifatida бунга munosabatingiz qanday? Genomni tahrirlashda qizil chiziqlar qaerda bo‘lishi kerak?
– Haqiqatan ham GMO haqida jamiyatda qo‘rquv va noyo‘l tasavvur mavjud. Biroq biz bu yo‘nalishda ishlayotganimiz yo‘q. Ishlarimiz qo‘rquvga sabab bo‘ladigan bu holatlardan ancha farq qiladi. Biz o‘simliklar bilan ishlaganimizda tashqaridan begona gen kiritmaymiz. O‘simlikning o‘zida bo‘lgan genlar maxsus texnologiya yordamida yo o‘chiriladi, yo faoliyati susaytiriladi. Shu sababli biz yaratayotgan navlardan xavfsirashga hech qanday asos yo‘q.
GMO va biotexnologik navlar o‘rtasida muhim farq bor. GMOda tashqi manbadan begona gen kiritilib, o‘simlikning genetik tuzilishi tubdan o‘zgartiriladi. Bu jarayonda turli xatarlar paydo bo‘lishi ham mumkin. Biotexnologik usullarda esa o‘simlikning o‘zidagi genlar bilan ish olib boriladi – sovuqqa, issiqqa, sho‘rga, hasharotlarga chidamli, hosildorligi yuqori navlar yaratiladi.
Bizning markazimizda ham mahsulot tarkibida GMO bor-yo‘qligini aniqlaydigan maxsus laboratoriya faoliyat yuritadi. U yerda shartnoma asosida turli mahsulotlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu esa shaffoflik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
«Porloq» navini yaratish jarayonida biz Amerikadan olib kelingan paxta modeli ustida ish olib bordik. U transformatsiya qilinib, embrion olindi va keyinchalik chatishtirish orqali «Porloq» navi yaratildi. Hozir esa guruhimiz bilan mahalliy o‘zbek navlari orasidan embrion beruvchi model navlarni qidirmoqdamiz. Agar bu maqsadga erishilsa, transformatsiya ishlarini to‘liq mahalliy navlar asosida amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Gen muhandisligi sohasida imkoniyat juda keng. Masalan, sho‘rga chidamli o‘simliklar yaratish, kartoshka navlarini yaxshilash, tashqi ko‘rinishi va ta’mi bozor talabiga mos bo‘lgan danaksiz uzum navlari ustida tadqiqot o‘tkazilayapti. Bu navlar allaqachon dala sharoitida ekilib, hosil berish arafasida turibdi. Shuningdek, in vitro texnologiyasi asosida tarixiy manbalarda qayd etilgan, Amir Temur davriga oid bo‘lgan oqqo‘y uzum navini tiklash ustida ham izlanishlar olib borilmoqda.
– Ayol kishi ilm-fan sohasida ish olib borishining qanday qiyinchiliklari va yaxshi taraflari bor?
– Men ayolman. Buni ta’kidlashimning sababi bor. Ayolning ilm-fan yo‘nalishida ishlashi mudom jasorat talab qiladi, ayniqsa «erkaklar sohasi» deb qaraladigan murakkab yo‘nalishlarda. Biroq men hech qachon o‘zimni ko‘rsatish uchun ilm bilan shug‘ullanmaganman. Men uchun ilm – jamiyatga foyda keltirish vositasi. Shu paytgacha ayolligim sababli jiddiy to‘siqlarga duch kelganim yo‘q. Bu, menimcha, inson faoliyat olib borayotgan muhitga ham bog‘liq.
Erim matematik bo‘lgan. U me'yorida aspiranturada tahsil olgan, biroq ayrim sabablarga ko‘ra ilmiy faoliyatini davom ettira olmagan. Qaynona-onam esa biolog, men ustozimga kelin bo‘lganman. Aaytish joizki, ilmiy faoliyatimda menga eng katta motivatsiyani qaynonam bergan. U kishi doim «Xurshida, bu sohaga kirdingizmi, albatta ilmiy ish qilishingiz kerak. Sizga ishonaman, qo‘lingizdan keladi» deb ruhlantirardi. Nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganimdan keyin esa «Doktorlikni ham yoqlamasangiz bo‘lmaydi, yarim yo‘lda to‘xtamang» deb qat’iy qo‘llagan.
Farzandlarimning tarbiyasida onamning ko‘magi katta. Shu bois, oiladagi qo‘llov tufayli ishimga xotirjam borib kelganman.
Ish jamoasida ham omadim kelgan. Rahbarimiz Ibrohim Abdurahmonov barcha uchun teng sharoit yaratib, ayol olimlarga ham erkaklardan kam bo‘lmagan e’tibor ko‘rsatgan. Doktorlik ishimni boshlash oldidan menda ham ikkilanishlar bo‘lgan. Shunda Ibrohimjon «Opa, bu xarakteringiz bilan siz katta ishlar qila olasiz. Qo‘rqmang, boshlang. Men sizga ishonaman» deb meni ilmiy ishga ilhomlantirgan.
Shu kunlarda ham markazimizga magistratura va doktorantura bosqichidagi qizlar kelsa, rahbariyat ularni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlab, barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qiladi. Rahbarimiz ko‘p bor ta’kidlardiki, biologiya fanini ko‘pincha qizlar yaxshiroq o‘zlashtiradi, chunki tadqiqotlarga ko‘ra eshitish, diqqatni jamlash va ma’lumotni o‘zlashtirish qobiliyati qizlarda kuchliroq ekan.
– Ilmiy faoliyat bilan shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni qanday saqlaysiz?
– Ilm – to‘xtovsiz izlanish, sabr va fidoyilikni talab qiladigan yo‘l. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi inson ko‘pincha vaqtini, diqqatini va kuchining katta qismini tadqiqotlarga bag‘ishlaydi. Biroq olim faqat olim emas, oila a’zosi, ona, do‘st, farzand va jamiyatning bir bo‘lagi hamdir. Shu bois ilm bilan shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanat masalasi tabiiy ravishda yuzaga chiqadi.
Men uchun muvozanat vaqtni teng taqsimlash emas, balki muhim jihatlarni to‘g‘ri belgilash demakdir. Ilmiy faoliyatda aniq reja muhim ahamiyatga ega. Kunlik va haftalik rejalar orqali ish, dam olish va oila uchun alohida vaqt ajratish mumkin. Ilmiy is hissini uyga olib kelmaslik, dam olish paytida ish haqida o‘ylamaslik – bu ham o‘z-o‘ziga hurmat belgisidir. Agar shaxsiy hayot to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ilmga to‘sqinlik qiluvchi omil emas, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlovchi jarayon bo‘la oladi.
Ertalab uydan chiqqanimda diqqatimni to‘liq ishga qarataman. Uyga qaytganimda esa barcha e’tiborimni oilamga – bolalarim va nabiralarimga bag‘ishlayman.
Albatta, har qanday sohada bo‘lgani kabi ilmiy faoliyatda ham stress va bosim bo‘lib turadi. Bunday paytlarda menga eng avvalo ishimning ma’nosi kuch beradi. Nima uchun bu yo‘lni tanlaganimni, izlanishlarim kimga xizmat qilayotganini tez-tez eslab turaman. Ilgarilari stressdan chiqish men uchun qiyinroq bo‘lgan, hozir esa ruhiy barqarorlikka erishganman.
Yaqin insonlar bilan muloqot ham men uchun katta tayanch hisoblanadi. Oilamning qo‘llashi, oddiy gurunglar ishdan tashqari hayot ham borligini his qilishga yordam beradi. Qolaversa, tabiat qo‘ynida sayr qilish, kitob o‘qish yoki sokin me'yorda musiqa tinglash fikrlarimni jamlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi – sabrli bo‘lishni o‘rgandim.
– Ziyoli ayol kim? Sizningcha o‘zbek olim ayolining imiji qanday?
– Tarixga nazar tashlasak, ziyoli momolarimiz har doim ma’rifat, sabr va matonat timsoli bo‘lib kelgan. Ularning faoliyati faqat oila doirasi bilan cheklanib qolmagan, ilm-fan, adabiyot, tibbiyot va jamiyat taraqqiyotida ham chuqur iz qoldirgan. Masalan, sohibqiron Amir Temurning suyukli xotini Bibixonimni haqiqiy ziyoli ayol sifatida e’tirof etaman. Shuningdek, Nodirabegim nozik qalbli shoirgina emas, davlat ishlarida faol ishtirok etgan, ilm va madaniyatni qo‘llagan ma’rifatli ayol ham bo‘lgan. Bunday ayollar tariximizda juda ko‘p.
Bugungi kunda esa o‘zbek ziyoli ayoli ilmiy laboratoriyalarda, universitet auditoriyalarida, xalqaro minbarlarda o‘z so‘zini aytmoqda. Ular o‘zlaridan oldingi avlod qoldirgan boy ma’naviy merosga tayangan holda zamonaviy bilim va innovatsiyalarni jamiyat ravnaqi uchun safarbar etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek ziyoli ayoli tarix va zamonni bog‘lab turuvchi mustahkam ko‘prikdir. U kechagi an’analarni asrab, bugungi ilm-fan bilan uyg‘unlashtira olgan, ertangi avlod uchun esa ilhom manbai bo‘lib qoladigan qiyofadir.
– STEM (ilm, texnologiya, muhandislik, matematika) yo‘nalishini tanlamoqchi bo‘lgan qizlarimizga qanday maslahat berasiz?
– STEM yo‘nalishini tanlayotgan qizlarga avvalo shuni aytmoqchimanki, bu yo‘l qiyin, ammo imkoniyatga juda boy. Agar sizda qiziqish va sabr bo me'yorida bo‘lsa, jinsingiz hech qachon to‘siq bo‘lmasligi kerak. Ilm iste’dodni emas, izchillikni ko‘proq sinovdan o‘tkazadi. Shuning uchun o‘zingizga me'yorda ishonishni o‘rganing.
Ilk muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqmang – ular ilmning ajralmas qismi. Savol berishdan, xato qilishdan va yangi bilimlarni o‘zlashtirishdan tortinmang. Har bir xato sizni yanada kuchliroq qiladi.
Yana bir muhim maslahat – ustozlar va ilmiy jamoani to‘g‘ri tanlash. Sizni qo‘llaydigan, bilim ulashishga tayyor insonlar bilan birga bo‘lish yo‘lni ancha yengillashtiradi. STEM sohasida bilim bilan bir qatorda iroda, intizom va vaqtdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalari ham juda muhim. Eng muhimi – orzularingizdan voz kechmang. Agar ilmni sidqidildan tanlasangiz, kun kelib orzuga albatta erishasiz. Kelajakda sizni yangi kashfiyotlar kutib turibdi.
Shahnoza Rofiyeva suhbatlashdi.
«Ma’naviy hayot» jurnali. 2026-yil, 1-son.