Inson yuragiga yo'l qurayotgan adib
Hech shubhasiz, “Yaldo kechasi” romani milliy adabiyotimizdagi favqulodda ajoyib asardir. U nafis badiiy ifoda uslubi, qodiriycha go'zal tili, turfa fe'l va murakkab taqdir egasi bo'lmish qahramonlari bilan meni rom qildi. Shu bois ikki kecha-kunduz bosh ko'tarmay o'qidim. Mashhur “O'tkan kunlar” romani motivlari asosida yozilgan asarda yaldo tuni yanglig' cho'zilgan “tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo'lg'an” mustamlaka davrining dahshatlari, jafokash xalqimizning boshiga tushgan adoqsiz kulfatlar chuqur dard va iztirob bilan ochib berilgan. Romanda Rossiya imperiyasi bosqini arafasidagi va undan keyingi davrda o'lkamizda hukm surgan ayanchli vaziyat juda ishonarli tasvirlangan. Ayniqsa, Otabekning el-yurt boshiga soya solib turgan mustamlaka balosining oldini olish ilinjidagi harakatlari, adoqsiz iztirob-u o'kinchlari menga qattiq ta'sir qildi. Qodiriy hazratlari “O'tkan kunlar”da Otabekni ma'rifatli, vatanparvar shaxs sifatida tasvirlagan edi. Yangi asarda Otabek boshiga tushgan sinovlarni yengib o'tib, el-yurt ozodligi yo'lida chinakam kurashchiga aylanadi. Abdulla Qodiriyning o'zi romanning davomini yozganida, u ham Otabekni aynan shu yo'sinda tasvirlagan bo'lardi degan o'y kechdi xayolimdan.
Yaldo kechasi arafasida mo'l-ko'l qor yog'di. Chang-u g'ubordan zada poytaxt osmoni tozarib, toza havodan entikib nafas olayotgandek. Anchadan beri to'zon pardasi ortida deyarli ko'rinish bermay qo'ygan Chotqol tizmalari ham nihoyat chinniday yaraqlab ko'zga tashlandi. Oppoq libosga burkangan shaharda ko'ngilga xush yoqadigan ajib bir sokinlik. Yakshanba bo'lgani uchun ko'chada mashinalar siyrak. Qorning zalvoridan shoxi egilgan daraxtlar ham ko'pdan buyon intiq kutilgan baxtdan jilmayayotganga o'xshaydi...
Bo'zsuv sohilidagi “Shahidlar xotirasi” majmuasiga ancha barvaqt keldim. Tadbirgacha hali ko'p vaqt bo'lsa-da, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondining binosiga bir qancha ijodkor, ziyolilar kelib ulgurgan ekan. Barchaning kayfiyati chog', foyedagi stollar tegrasida qahva, choy ho'plab, suhbatlashib turishibdi. Telejurnalistlar yelib-yugurib kameralarini o'rnatyapti.
Mash'um qatag'onda qanchadan qancha ulug' bobolarimiz qatl qilingan bu maskanda o'zgacha ruh hukmron. Hademay bu yerda “Yaldo kechasi” nomli yangi roman taqdimoti boshlanadi.
Bundan bir necha kun oldin bir do'stim hayajon bilan shunday dedi: “O'tkan kunlar” romanining davomi topilibdi. Shu choqqacha ko'zdan pana arxivlarda saqlab kelingan ekan. Otabekning o'g'li va nabiralari qismati haqida. Kecha o'qib tugatdim. Til, uslub aynan Qodiriyniki. Haligacha shuning ta'sirida yuribman. Bobo hammadan yashirib yozib ketgan ekan-da”.
Bunday kutilmagan gapga ishonish-ishonmaslikni bilmay hang-mang bo'lib qoldim. Hartugul, tez orada sir ochildi – do'stimizni shoshirib qo'ygan o'sha asar ustoz adibimiz “O'tkan kunlar” romani ohanglarida bitgan “Yaldo kechasi” romani ekan. O'zimcha bu asarda ham o'tli sevgi qissasiga urg'u berilgan bo'lsa kerak deb o'ylagandim. Biroq mutolaa asnosida tasavvurim ostin-ustun bo'lib ketdi.
Hech shubhasiz, “Yaldo kechasi” romani milliy adabiyotimizdagi favqulodda ajoyib asardir. U nafis badiiy ifoda uslubi, qodiriycha go'zal tili, turfa fe'l va murakkab taqdir egasi bo'lmish qahramonlari bilan meni rom qildi. Shu bois ikki kecha-kunduz bosh ko'tarmay o'qidim.
Mashhur “O'tkan kunlar” romani motivlari asosida yozilgan asarda yaldo tuni yanglig' cho'zilgan “tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo'lg'an” mustamlaka davrining dahshatlari, jafokash xalqimizning boshiga tushgan adoqsiz kulfatlar chuqur dard va iztirob bilan ochib berilgan. Romanda Rossiya imperiyasi bosqini arafasidagi va undan keyingi davrda o'lkamizda hukm surgan ayanchli vaziyat juda ishonarli tasvirlangan. Ayniqsa, Otabekning el-yurt boshiga soya solib turgan mustamlaka balosining oldini olish ilinjidagi harakatlari, adoqsiz iztirob-u o'kinchlari menga qattiq ta'sir qildi. Qodiriy hazratlari “O'tkan kunlar”da Otabekni ma'rifatli, vatanparvar shaxs sifatida tasvirlagan edi. Yangi asarda Otabek boshiga tushgan sinovlarni yengib o'tib, el-yurt ozodligi yo'lida chinakam kurashchiga aylanadi. Abdulla Qodiriyning o'zi romanning davomini yozganida, u ham Otabekni aynan shu yo'sinda tasvirlagan bo'lardi degan o'y kechdi xayolimdan.
Shuningdek, ma'rifatni o'ziga maslak tutgan Yodgorbekning yangi usul maktabi ochishi, gazeta chop etishi ham chuqur mantiqqa asoslangan. Biz bilgan Otabekning zurriyodi ana shunday yo'l tutishi muqarrar edi.
“Yaldo kechasi”da taraqqiyparvar bobolarimizni mashaqqatli kechmishi, jadidlar va qadimchilarning g'oyaviy kurashi, mustamlakachilarning kirdikorlari tarixiy dalillar asosida ochib berilgan. Davrning haqqoniy manzarasini aks ettirish uchun muallif qanchadan qancha arxiv va manbalarni o'rganib chiqqanini tasavvur qilish qiyin emas.
Asarda Yodgorbekning farzandlari bo'lmish Ozodbek va Odilbekni o'zaro g'animga aylantirib, oxiri ikkovini ham halokat chohiga uloqtirgan sho'ro tuzumining yovuz mohiyati haqqoniy tasvirlangan.
Xullas, ustoz adibimiz Xayriddin Sultonning ko'p yillik izlanishlari, yuksak iste'dodi va teran tafakkuri mahsuli sifatida dunyoga kelgan roman zamonaviy adabiyotimizning katta yutug'i bo'lganiga shubha yo'q. Ushbu asarning fazilatlari to'g'risida hali ko'p va xo'p yozilishiga ham ishonchim komil.
Har qanday asarning qo'lyozmasini o'qish o'z yo'liga, biroq uni kitob holida mutolaa qilish boshqacha. Ana shunda taassurot va tasavvur ham to'liqroq bo'ladi. Mana, nihoyat ko'pchilik orziqib kutgan kun keldi.
“Yaldo kechasi” asarining taqdimoti aynan ulug' bobolarimizning barhayot ruhlari kezib yurgan “Shahidlar xotirasi” majmuasida, yaldo kechasi arafasida tashkil qilingani zamirida ham chuqur ramziy ma'no bor.
Taqdimotdan keyin kitob bilan ortiga qaytayotgan odamlarni kuzata turib, ularning ko'pchiligi yangi asar mutolaasidan bosh ko'tarolmay, bugungi yaldo kechasini bedor o'tkazishi tayin degan o'y kechdi xayolimdan.
Shu kuni uyga qaytayotgan ko'p narsalarni o'yladim. Ustoz bilan bog'liq voqealar birin-ketin tasavvurimda jonlandi...
“Qachon yozib ulgurdingiz, ustoz?”
Kamina sakkiz yildan ko'proq Xayriddin Sulton bilan yonma-yon ishlab, o'zimcha ulkan adibning tabiatida jam bo'lgan qator fazilatlarni kashf etdim. Avvalo u kishi doimo qat'iy ijodiy intizomga rioya qilishiga amin bo'lganman. Vazifa nuqtai nazaridan zimmasida qay darajada katta mas'uliyat borligi, har kuni qanchadan qancha matn va hujjatlarni o'qib, tahrirdan o'tkazishini aytmasam ham ko'pchilik yaxshi biladi.
Ana shunday sharoitda ham u kishi kitob o'qish va ijod qilishga vaqt topadi. Odatda Yozuvchilar uyushmasida chop qilingan yangi kitoblarni Xayriddin akaga ham beramiz. Yashirib nima qildim, bu kitoblarning aksariyati bizning stolda o'qilmasdan qolib ketadi. Biroq u kishi bir necha kundan so'ng satrlar tagiga chizib, allaqanday belgilar qo'yilgan tanish asarni varaqlab, u haqda o'z fikrini bayon qiladi.
– Qashqadaryolik Nafas Shodmon yaxshi dramaturg ekan-ku, – dedi u kishi bir kuni Nafas Shodmonning “Saylanma”sini ko'rsatib. – Tarixiy mavzularda yozarkan. Dramalarining badiiyati baland, mazmunli, teatrlarda ham qo'yilibdi. Nega shu paytgacha hech kim unga e'tibor bermagan?
Boshqa gal Xayriddin aka bir nechta qalin kitobni qo'limga tutqazdi.
– Samarqandning chekka qishlog'ida Xayriddin Begmatov degan keksa ijodkor yasharkan. Bir umr maktabda dars berish bilan birga, Amir Temur haqida uchta tarixiy roman bitibdi. Asarlarini o'qidim. Yaxshi yozilgan. Mana shunday kamsuqum yozuvchilarga ham e'tibor berish kerak.
Xayriddin Sultonning ijod olami o'zga bir dunyo. U kishining so'nggi yillarda nashr qilingan “Haqiqat jamoli”, “Navoiy – 30”, “Ishonch telefoni”, “Odamlardan tinglab hikoya”, “Uch yuz oltmish to'rt kun”, “Osmoni falaklarda” singari kitoblari, bir nechta drama va kinoqissalarini adabiy jamoatchilik katta qiziqish bilan qabul qildi. Barchasi ijodkorlar orasida shov-shuv bo'lgan betakror, mag'zi to'q asarlar.
Bir safar Xayriddin aka yangi kitobini sovg'a qilganida hayratimni yashirolmay, “Bu asarni qachon yozib ulgurdingiz, ustoz?” deb so'radim.
– Ikkinchi smenada – kechasi, – dedi u kishi. – Ijod uchun alohida vaqt, sharoit kerak deb qo'l qovushtirib o'tirsak, umr o'tib ketadi. Sizlar ham shunga harakat qiling. Har kuni bir qog'ozdan yozib borsangiz, bir yilda 365 sahifali kitob paydo bo'ladi.
Ko'pincha ustozning navbatdagi ijodiy yutuqlari va jo'yali maslahatlaridan kuch olib, biz ham bir-ikki kun qog'oz qitirlatib qolamiz. Biroq tez orada bunday zahmatga qo'l siltab qo'yamiz. Chunki “bizning ishimiz ko'p”, o'zgalar tugul, o'zimiz ham chippa-chin ishonadigan bahonalarimiz bisyor.
Charog'on ko'chalar, maroqli suhbatlar
Xayriddin Sulton boshchiligida Namangan viloyatiga xizmat safariga bordik. Kun bo'yi zimmamizga yuklatilgan ishlar bilan andarmon bo'lamiz. Kechqurun esa u kishiga ergashib shahar ko'chalarida bir muddat sayr qilamiz.
Bunday chog'larda Xayriddin akaning qulfi dili ochilib, bizga o'zi ko'rgan, taniqli arboblardan eshitgan ajoyib-g'aroyib hangomalarni so'zlab beradi. O'shanda ustozning roviylik mahoratiga ham tan berganman. Chunki tilga olingan har bir voqea juda jonli, ta'sirli edi. Yengil yumor, kinoya va qochirimlar bilan zeb berilgan hikoyalarda turfa tabiatli odamlarning g'alati kechmishi, ko'ngil kechinmalari yaqqol aks etib turardi.
– Bu voqealarni qog'ozga tushirsangiz, har biri ajoyib hikoya bo'larkan, – dedim bir gal.
– Ko'ramiz, – u kishi qisqagina javob qildi.
Ko'p o'tmay Xayriddin akaning “Odamlardan tinglab hikoya” degan kitobi nashr qilindi. Uni o'qib hayron qoldim. Axir bu kitobda biz Namangan ko'chalarida maroq bilan tinglagan tanish voqealar jamlangan edi. So'ng bilsam, u kishi o'shanda yozayotgan hikoyalari mazmunini so'zlab bergan, sayrdan qaytgach, mehmonxonada tongga qadar qog'oz qoralagan ekan.
Ma'naviy bedorlikka da'vat
2025 yil may oyi oxirida Xayriddin Sulton boshchiligida bir guruh taniqli ijodkor va ziyolilar bilan Qarshi shahriga bordik. Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida adibning asari asosida O'zbekiston san'at arbobi, mashhur rejissyor Olimjon Salimov sahnalashtirgan “Uyg'on, bolam!” spektaklining taqdimoti bo'ldi.
Qishloqda yashaydigan bir tanbal va notavon insonni kambag'allik botqog'idan xalos qilish bilan bog'liq goh kulgili, goh mahzun kechadigan voqealar juda tanish edi. Darrov esladim, sahna asari “Odamlardan tinglab hikoya” kitobidagi hikoyalardan biri asosida yaratilgan. Qizig'i, muallif o'sha ixchamgina hikoyada tilga olingan voqealarni har tomonlama rivojlantirib, sahna san'ati talablariga ustalik bilan moslashtirgan.
Muallif asarning g'oyasini kuchaytirish, ta'sirchanligini oshirish maqsadida grotesk usulidan mohirona foydalangan, turli kinoya va qochirimlarni ustalik bilan joy-joyiga qo'ygan. Teatr san'atida muhim sanalgan voqealarning izchil rivoji, konflikt, kulminatsiya va yechim ham joyida. Albatta, bu o'rinda Olimjon Salimovning xizmatlari ham katta bo'lgan.
Biz, poytaxtdan borgan mehmonlar uchun uncha tanish bo'lmagan san'atkorlar asosiy obrazlardan tortib, epizodik rollargacha qoyillatib o'ynadi. Ba'zilar viloyat teatrlarining ijodiy salohiyatiga shubha bilan qaraydi. Biroq asar zo'r bo'lsa, ana shu maskanlarda ishlayotgan kamtarin, kamsuqum san'atkorlar iste'dodining qirralari ochilib ketar ekan.
Qariyb bir yarim soat davom etgan namoyish chog'ida ulkan zalda bot-bot qahqaha va qarsaklar yangrab turdi. Parda tushirilgach, tomoshabinlar ancha vaqtgacha tik turib ijodkorlarni olqishladi.
Shu kuni biz ustozimiz iste'dodining yana bir qirrasini kashf qilib, Qarshidan yorqin taassurotlar bilan ortga qaytdik.
Klavixo bilan uchrashuv
Har yili sohibqiron Amir Temur tavallud topgan 9 aprel sanasida ul zotning poytaxtimizdagi muazzam haykali poyida ommaviy anjuman uyushtiriladi. O'tgan yili ana shu tadbirning dasturini ustozning nazaridan o'tkazib olish uchun huzuriga kirdim.
– Hamma ma'ruza o'qiyversa, odamlar zerikib qoladi, – dedi u kishi dastur bilan tanishgach. – Bu galgi tadbirga ispan elchisi Klavixoning monologini kiritsak, yaxshi bo'lardi. Sizning dramaturgiyadan xabaringiz bor, shu monologni o'zingiz yozing.
Bu endi maslahat emas, topshiriq edi. Bajarmasdan boshqa chora yo'q. Xullas, Klavixoning asarini sinchiklab o'qib, uning so'zlarini qoraladim. Monolog Xayriddin akaga ma'qul bo'ldi. Olimjon Salimov shu mo'jaz parchani sahnalashtirib berdi. Iste'dodli aktyor Ilhom Berdiyev mahorat bilan ijro etgan Klavixo monologi tadbirda ko'pchilikka manzur bo'ldi.
– Qarang, ba'zilar Amir Temur saroyiga Ispaniyadan elchi kelganini bilmas ekan, – dedi ertasi kuni Xayriddin aka. – Shu mavzuda spektakl yaratilsa yomon bo'lmaydi. Endi bu monologni pesaga aylantirasiz.
Ustozning shu undovi sabab bo'lib “Klavixo” dramasi yozildi. Aniqrog'i, pesaning qoralamasi paydo bo'ldi. Qo'lyozmaning asarga aylanishida ham ustozning ijodiy rag'bati, ma'nan qo'llovi bor.
Ijod ahliga yelkadoshlik
Xayriddin Sultonning eng katta fazilatlaridan biri – Yozuvchilar uyushmasi, ijodkorlarga xayrixohligida, g'amxo'rligida desam adashmayman. U kishi hech qachon adabiyotimiz ravnaqi yo'lida maslahat va ko'magini ayamaydi.
Uch yilcha burun yuz bergan bir voqeani eslasam, haligacha mutaassir bo'laman. Kunlardan birida “Nosir Fozilovning oilasi uysiz, ko'chada qolibdi” degan noxush xabar yetib keldi. Ma'lum bo'lishicha, rahmatli Nosir og'aning o'g'li tadbirkorlik bilan shug'ullanar ekan. Biroq pandemiya sabab kasodga uchrab, qarzlarini to'lash uchun otameros uyni sotishga majbur bo'libdi. Shundan so'ng ular Yozuvchilar uyushmasining Do'rmondagi ijod uyidan ajratilgan kottejda bir muddat yashagan. Afsuski, qirq yoshning nari-berisidagi yigit ham kutilmaganda og'ir dardga chalinib, vafot etadi.
Keksaygan chog'ida yolg'iz o'g'lidan ham judo bo'lgan Muborak ayaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Buning ustiga, uning Chilonzor tumanidagi poliklinikalardan birida ishlaydigan kelini va o'sha yerdagi maktabda o'qiydigan ikki nabirasi yo'lda qiynala boshlaydi. Shu bois kelin farzandlarini olib ota-onasinikiga ketibdi. Muborak aya esa uzoqroq qarindoshinikidan qo'nim topgan emish. U umr yo'ldoshining ikkita qopga joylangan kitob va qo'lyozmalarini o'zi bilan olib ketibdi.
Xayriddin aka Nosir Fozilovni juda hurmat qilardi. Bot-bot u bilan bog'liq xotiralarini tilga olib, oqsoqol adibning tanti va bag'rikeng inson bo'lganini ta'kidlar edi. Shunday taniqli yozuvchining oilasi kutilmaganda parokanda bo'lib ketgani u kishiga qattiq ta'sir qilib, bir muddat o'ylanib qoldi.
– Sirojiddin aka shu masalada Muborak opaning nomidan rahbariyatga xat yo'llanganini aytyapti, – dedim men.
– Prezidentimiz ham Nosir og'ani juda hurmat qilardi, – dedi Xayriddin Sulton. – Xatni o'qisa, albatta e'tiborsiz qoldirmaydi.
Oradan bir-ikki kun o'tgach, Xayriddin aka meni oldiga chaqirdi. Hozirgina rahbarning qabulidan chiqqan, xonasida juda ta'sirlanib o'tirgan ekan.
– Ijodkorlarning baxtiga shunday bag'rikeng Prezidentimiz bor, – dedi u kishi. – Xatni o'qishi bilan mutasaddilarga Nosir og'aning oilasiga uy ajratish haqida topshiriq berdi. Muborak opa bilan Yozuvchilar uyushmasiga aytib qo'ying, erta-indin bu muammo hal bo'ladi.
Bu gapdan mening ham ko'nglim yumshab, ko'zlarimga yosh keldi.
Chindan ham tez orada Muborak Fozilovaga Shayxontohur tumanidagi yangi qurilgan uyning birinchi qavatidan ikki xonali kvartira berildi. ...Muborak aya umrining oxirigacha O'zbekiston Prezidentidan minnatdor bo'lib yashadi. Mushfiq onaxon vafotidan ikki kun burun ham menga qo'ng'iroq qilib, davlatimiz rahbarini duo qilgan edi...
Bu o'rinda Xayriddin Sultonning qalamkashlar va ularning oilasiga e'tibori bilan bog'liq birgina holatni tilga oldim. Bunday voqealar juda ko'p. Kezi kelganda o'nlab iste'dodli yosh ijodkorlarga uy ajratilishi hamda davlat rahbarini poytaxtimizning solim go'shasida ijod ahli uchun yuzdan ziyod xonadon barpo etish haqidagi ezgu tashabbusini amalga oshirishda u kishining ham xizmatlari borligini yaxshi bilaman.
Qaysidir adib xastalanib, shifoxonaga tushib qolsa yoki boshqa biron qiyinchilikka duch kelsa, albatta Xayriddin akadan madad kutamiz. U kishi ham yo'q demasdan kimlargadir qo'ng'iroq qilib, muammoni hal qilib beradi. Lekin hech qachon yordamini minnat qilmaydi.
Turkiy ulusga yo'llangan devon
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti yig'ilishlaridan birida qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari asosida yuz jildlik majmuani nashr qilish tashabbusini ilgari surdi. Shundan so'ng Xayriddin Sulton rahbarligida ana shu ezgu g'oyani ro'yobga chiqarish uchun yeng shimarib ishga kirishib ketdik.
Yozuvchilar uyushmasida taniqli ijodkorlar, olim va tarjimonlardan iborat katta ijodiy guruh tuzildi. Davlatmiz rahbarining bu g'oyasi ularni ham juda ruhlantirib yuborgan edi. Shu bois barcha sidqidildan harakat qildi. Natijada yarim yil nari-berisida o'zbek, turk, qozoq, ozarboyjon, qirg'iz, turkman, venger adabiyotining o'zbek tiliga o'girilgan asarlari bir joyga jamlandi. Ba'zi ixchamroq asarlar tezlik bilan tarjima qilindi.
Biz bot-bot Yozuvchilar uyushmasida yig'ilib, ishning borishini muhokama qilamiz. Shundan so'ng ijodiy guruh tomonidan tuzilgan asarlar ro'yxatini ustozga ko'rsatamiz. U kishi ro'yxatini sinchiklab ko'rib chiqib, jo'yali taklif va tavsiyalar beradi. Qozoq, qirg'iz va boshqa qardoshlarimizning shu choqqacha biz nomini ham eshitmagan ba'zi adib va shoirlarining ancha yillar burun adabiy nashrlarda bosilgan asarlarini eslaydi. Bir necha kunlik izlanishdan so'ng nihoyat kutubxona yoki qaysidir ijodkorning shaxsiy arxividan o'sha asarlar ham topiladi.
– Uch-to'rt oydan so'ng Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti o'tkaziladi, – dedi Xayriddin aka bir kuni. – O'shangacha majmuaning hech bo'lmaganda yigirma-o'ttiz jildini nashr qilib, taqdimotini o'tkazsak yaxshi bo'lardi.
Ishlarimiz jadal kechgani bois sammit arafasida “Turkiy adabiyot durdonalari” adabiy to'plami to'liq nashrdan chiqarildi. Zarif Mirzaqulov ikkovimiz ertasi kuni barvaqt ishga kelib, naq oltita kattagina baxmal sandiqqa joylangan yuzta kitobni u kishining xonasiga olib kirdik. Xayriddin aka keng-mo'l stolda qator qilib terib qo'yilgan yashil muqovali bejirim kitoblarni ko'rib nihoyatda xursand bo'ldi.
– Bu tarixiy ish bo'ldi, – dedi u kishi asarlarni birma-bir varaqlab. – Bir vaqtlar Navoiy hazratlari “Ne mulk ichraki bir farmon yubordim, aning zabtig'a bir devon yubordim” deb lutf qilgan edi. Bu majmua ham o'zbeklarning qardoshlarga yo'llagan devoni bo'ladi. Siz-u bizdan qolsa, mana shu kitoblar qoladi. Bu ishga bosh qo'shgan barcha ijodkorlarga rahmat...
Shundan so'ng Xayriddin aka yordamchisi Nurali Ulug'ovga qo'l telefonini tutqazdi.
– Bizni mana shu kitoblar oldida suratga olib qo'ying. Hali sizlar bu kunni eslab, qilgan ishingizdan quvonib yurasizlar.
Sammit arafasida Xayriddin aka boshchiligida O'zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining xalqaro taqdimoti uyushtirildi. Qardosh mamlakatlarning elchilari qatnashgan anjuman juda fayzli o'tdi. Asosiysi, yuz jildlik majmua Samarqanddagi sammitda Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlariga sovg'a qilindi.
Xayriddin aka bir guruh ijodkorlar bilan ikki yilcha burun Turkiyadagi mashhur kutubxonada ushbu to'plamning taqdimotini o'tkazib keldi. Keyingi yili u kishining topshirig'i bilan biz O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Yozuvchilar uyushmasi raisining o'rinbosari G'ayrat Majid bilan birgalikda Boku shahrida uyushtirilgan shunday tadbirda qatnashdik. Ozar do'stlarimiz majmuaga yuqori baho berishdi. Taqdimotda Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi rahbari, atoqli adib Anor ushbu majmuani ozarboyjon tilida nashr qilish tashabbusini bildirganida ko'nglimiz tog'day ko'tarildi.
“O'zbek adiblariga havasim keladi”
2023 yil mart oyida Navoiy viloyatida yuksak saviyada o'tkazilgan “Mumtoz she'riyat” xalqaro adabiy festivali yaqin-yiroq yurtlarda ham ovoza bo'ldi. Biroq bu tadbirga tayyorgarlik jarayoni juda qiyin kechgan. Bu gal ham so'nggi pallalarda Xayriddin Sulton jonimizga ora kirgan.
Taomilga ko'ra bunday muhim tadbirlar haqida rahbariyatni xabardor qilish lozim. Biroq kutilmaganda shu ish ortga surilib ketdi. Anjumanga atigi ikki-uch kun vaqt qolgan bo'lsa-da, tayyorgarlik juda sust.
Oxiri anjuman hujjatlarini Xayriddin akaga olib kirib, vaziyatni tushuntirdim. Shu paytgacha nima qilib yuribsizlar deb urishsa kerak deb o'ylagan edim. Ammo u kishi ma'noli bosh chayqab qo'yish bilan kifoyalandi.
– Anor muallim ham kelarkanmi? – deb so'radi ustoz mehmonlar ro'yxatini ko'rib chiqqach ajablanib.
– Ha, kelishga va'da bergan. Samolyotga chipta ham olingan.
– Vaqt juda oz qolibdi, – dedi Xayriddin aka. – Siz Yozuvchilar uyushmasidan odam olib, bugunoq Navoiyga jo'nang. Tadbirlar o'tadigan joylarni yaxshilab tayyorlanglar. Mehmonlarni kutib olish, mehmonxonaga joylashtirishdan tortgan, transport, ovqatlanish masalalarigacha birma-bir ko'rib chiqinglar.
Ustozning huzuridan yelkamdan tog' ag'darilgandek yengil tortib chiqdim. Kechga yaqin Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, taniqli shoirimiz Nodir Jonuzoq bilan poyezdda Navoiyga yo'l oldik.
Manzilga yaqinlashganimizda ikkovimizning ham qo'l telefonimiz ketma-ket jiringlashga tushdi. Qator vazirliklar, Navoiy viloyati hokimligidan qo'ng'iroq qilishdi. Ma'lum bo'lishicha, Xayriddin aka O'zbekiston Prezidentini “Mumtoz she'riyat” festivali haqida xabardor qilgan, u kishi mutasaddi rahbarlarga anjumanni yuqori darajada o'tkazish bo'yicha topshiriq beribdi.
Xullas, anjuman juda baland saviyada tashkil qilindi. Bunday marosimlarda qatnashaverib ko'zi pishib ketgan mehmonlar ham yurtimizda adabiyotga, hazrat Alisher Navoiy merosiga berilayotgan yuksak e'tibordan cheksiz hayratlanishdi.
Ayniqsa, Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida o'tkazilgan ochilish marosimida Xayriddin aka davlatimiz rahbarining “Mumtoz she'riyat” festivali ishtirokchilariga yo'llagan tabrigi va Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anorni “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmonini o'qib berganida zalda ancha vaqtgacha qarsaklar tinmadi.
Shundan so'ng saroyda “Vatan manzumasi” adabiy-ma'rifiy kompozitsiyasi namoyish etildi. O'sha kezlarda Xayriddin Sulton tashabbusi bilan san'at va adabiyot uyg'unligida sahnalashtirilib, respublika bo'ylab o'tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi ushbu ajoyib dasturni mehmonlar katta hayajon bilan tomosha qilishdi.
– Yurtingizga kelganimdan buyon nuqul hayratlanib yuribman, – dedi Nurota ziyoratidan qaytayotganimizda mehmonlardan biri. – Toshkentdagi Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosini ko'rganimda O'zbekiston Prezidentining adabiyotga e'tiboridan ko'nglim yorishgan edi. Bugungi anjuman davomida o'zbek qardoshlarimizga havasim yanayam ziyoda bo'ldi. Biz ham shunday darajaga yetishni orzu qilamiz.
Ijod va shaxsiyat
Shubhasiz, Xayriddin Sulton o'zining yuksak iste'dodi va keng qamrovli ijodi bilan allaqachon xalqimizning peshqadam adiblaridan biriga aylangan. U kishining sof o'zbekona hikoyalari, qissa va romanlari adabiyotimiz xazinasidan joy olib ulgurgan.
Yaqinda O'zbekiston Prezidentining farmoni bilan ustoz adibimizga “O'zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni berilgani bu fikrning eng katta tasdig'i bo'ldi. Shu bois adabiyot muxlislari ushbu yangilikni mamnuniyat bilan kutib oldi.
Shu o'rinda TURKSOY bosh kotibi, Qirg'iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayevning Xayriddin Sulton ijodiga bag'ishlab chop etilgan “Inson yuragiga yo'l qurayotgan adib” nomli maqolasidan ayrim fikrlarni siz bilan bo'lishgim keldi:
“Xayriddin Sulton zamonaviy o'zbek adabiyotining nufuzli namoyandasi, butun qalb qo'ri bilan adabiyotga, o'zbek ma'naviyatiga sodiq siymolardan biridir...
Xayriddin Sulton Abdulla Qodiriydan tortgan G'afur G'ulom, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha bo'lgan o'zbek estetik dunyoqarashi va adabiy tafakkurini yanada teranlashtirdi. Shu bilan bir qatorda, u original obrazlar galereyasini yaratib, o'zgacha bir yo'nalishda, o'zgacha bir temperamentda – aynan o'ziga xos uslub va badiiy ohangda ijod etib kelmoqda...
Uni nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi badiiy tafakkurining darg'alaridan biri sifatida e'tirof etish mumkin. Hozirgi o'zbek adabiyotining yuksakligi ham u kabi yetuk so'z san'atkorlarining ijodiy salohiyati bilan o'lchanadi desak, yanglishmaymiz”.
Mashhur adib Chingiz Aytmatovning munosib shogirdi, zamonaviy qirg'iz adabiyotining peshqadam vakili hisoblangan Sulton og'aning bunday xolis va haqqoniy e'tirofi Xayriddin Sulton adabiy olamining ko'lami va ahamiyati haqida yetarlicha tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
O'ylashimcha, ijodkorning iste'dodi, ijodi uning shaxsiyati bilan chambarchas bog'liq. Shu ma'noda, Xayriddin Sultonning qo'lma-qo'l bo'lib o'qilayotgan har bir asarida avvalo uning o'ziga xos ma'naviy dunyosi, samimiyati akslanib turadi.
G'afur SHERMUHAMMAD
“Ma'naviy hayot” jurnali, 2026 yil 2-son. “Ezgulik saboqlari” maqolasi