+998 99 554 41 15  ·  info@manaviyhayot.uz Jurnal haqida Kontakt UZ ЎЗ RU EN

Suv o‘ziga yo‘l topadi

1 hafta avval 9 daqiqa o'qish 26 ko'rish

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qanday mavzudagi asar deb o‘ylaysiz? Kim uchundir haroratli sevgi qissasi, kim uchundir eski davr voqeligi tasvirlangan tarixiy roman, yana birovga o‘sha davr o‘zbeklari hayotining maishiy tasviri. Lekin mening nazarimda bu asar mustaqillik uchun yozilgan asardir. Kitobning oxirgi satrlari “1277-yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi: “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qnashuvimizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...” deb tugaydi. Qodiriy mana shu jumla uchun romanni yozdi. Totalitar tuzum, albatta, buni kechirolmas edi. Adibning qalbidagi hurlikka, ozodlikka bemisl talpinish shu bir jumlani paydo qildi va butun romanni shu mohiyat uchun yaratdi. Buni anglashimiz kerak. Shuning uchun ham mustaqillikka uyqash mustahkam so‘zining o‘rni boz bilinadi, mohiyati yuz ochadi. Qo‘lga kiritilgan erkimizni mustahkamlash uchun esa ma’naviy quvvat juda zarur. Endi ozod va erkin insonning qalbi bilan ishlamoq kerak. Shu o‘rinda bir tashbeh qo‘llasak, xato bo‘lmaydi.

Suv o‘ziga yo‘l topadi

Insonni aziz qilib turgan tuyg‘ular, tutumlar, qutlug‘ g‘oyalar bor. Ularsiz inson bir yillik o‘t-o‘lan kabi ildizi qurib, yitib ketgan bo‘lar edi. Shunday tuyg‘ulardan biri, shubhasiz, vatan tuyg‘usi bo‘lsa kerak. Buni anglamagan kishining muqaddas narsasi borligiga shubha qilaman.

Gapni bunday boshlashimga muayyan sabablar bor, albatta. Mana, o‘ttiz to‘rt yil avval mamlakatimiz mustaqil bo‘ldi. Bobolarimiz orziqib kutgan (bu ibora ko‘p aytilgan bo‘lsa-da, takrorlayverish kerak. Negaki, bu haq gap) hurlik degan tansiq ne’mat xalqimizga, xalqimizning bugungi avlodiga nasib etdi.

Bu gaplarni aytish oson, berilgan qurbonlarni sanab berish oson. Rossiya imperiyasi bosqinida muncha kishi halok bo‘ldi, qatag‘onda buncha... tavba, ayta-ayta quloqlarimiz ham o‘rganib qolganday-a? Aslida bu gaplarni yurakdan his qilib, iztirob bilan anglab aytishimiz kerak.

Ammo o‘tgan qishning sovug‘i yo‘q deganlariday, biz chinakamiga mustaqillikning nima ekanini teran anglab yetishimiz uchun vaqt kerak bo‘lgani ham rost.

Mustaqillik kalimasi mustahkam degan so‘zga uyqash. Tilshunoslarimiz balki bu ikki so‘zning ildizini tutashtira olar. Gap shundaki, bugun dunyo talash dunyosi bo‘ldi. Hamma ko‘rpani o‘ziga qaratib tortayapti. Diniy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy... har jihatdan har bir xalq o‘zining molini o‘tkazmoqchi. O‘zining qarashlarini o‘zgalarga singdirmoqchi. Qo‘qqisdan bir mamlakat yoki xalqni o‘ziga bo‘ysundirib olish imkonsiz bugun. O‘rgimchak o‘ljasining tanasiga avval zahar yuborib, uning miyasini falaj qilib, yaqinlashib kelayotgan xavfdan ogoh etmay, keyin hujum qilgani kabi bir yovuz holat yuz ko‘rsatmoqda.

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qanday mavzudagi asar deb o‘ylaysiz? Kim uchundir haroratli sevgi qissasi, kim uchundir eski davr voqeligi tasvirlangan tarixiy roman, yana birovga o‘sha davr o‘zbeklari hayotining maishiy tasviri. Lekin mening nazarimda bu asar mustaqillik uchun yozilgan asardir. Kitobning oxirgi satrlari “1277-yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi: “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qnashuvimizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...” deb tugaydi. Qodiriy mana shu jumla uchun romanni yozdi. Totalitar tuzum, albatta, buni kechirolmas edi. Adibning qalbidagi hurlikka, ozodlikka bemisl talpinish shu bir jumlani paydo qildi va butun romanni shu mohiyat uchun yaratdi. Buni anglashimiz kerak. Shuning uchun ham mustaqillikka uyqash mustahkam so‘zining o‘rni boz bilinadi, mohiyati yuz ochadi. Qo‘lga kiritilgan erkimizni mustahkamlash uchun esa ma’naviy quvvat juda zarur. Endi ozod va erkin insonning qalbi bilan ishlamoq kerak. Shu o‘rinda bir tashbeh qo‘llasak, xato bo‘lmaydi.

Har bir ishda tabiatdan ulgu olish faqat naf keltirishi ma'lum. Bir tomchi yomg‘irning paydo bo‘lishi, suyuq suv holatiga kelishi uchun qancha bosqichlar bosib o‘tilishi kerak? Havodagi kislorod va vodorod katta energiyalar (quyosh, chaqmoq) ta’sirida suv bug‘larini hosil qiladi. Buning uchun biz bilmaydigan ko‘plab omillar bitta nuqtada tutashishi kerak.

Bu oddiy laboratoriya emas, axir. Hosil bo‘lgan suv bug‘lari suyuq holga kelishi uchun ham ma’lum harorat zarur. Suv tomchilarining yergacha yetib kelishining o‘zida katta ilm, sinoat bor.

Bir tomchi suv bino bo‘lishida shuncha sir bor ekan, endi butun boshli xalqning ozodlikday ulug‘ tuyg‘uni tuyushi, qalbiga singdirishi uchun qancha vaqt, tajriba, sinovlar kerak. O‘ylaymanki, xalqimiz bu bosqichlarni bosib o‘tib bo‘ldi.

Oddiy hayvonni oling. Bir tilsiz jonivor ham qorni to‘yganini biladi, nafsi qongach, yemakdan bosh buradi. Lekin inson degan xilqat – farishta va ongsiz jonivor o‘rtasidagi mavjudot, Alloh mukarram qilgan jonzot goho juda past ketadi. Chin dunyoga ketar pallasida to‘rt quloch bo‘zdan boshqa narsaga ega bo‘lolmasligini yaxshi biladigan odam bolasi betinim talashadi, nafsiga erk beraveradi. Nega, nima yetishmayapti? Bashariyatning barcha ulug‘ farzandlari intiq bo‘lib istagan qudrat – ma’naviyat yetishmayapti!

Mamlakatni na yer osti va yer usti boyliklari, na demografik katta ko‘rsatkichlar oldinga torta oladi. Bu omillar taraqqiyotga to‘liq asos bo‘lolmaydi. Misol uchun Xitoyni oling. Bu mamlakat chinakam iqtisodiy islohotlar qilinmaguncha serfarzand, lekin qashshoq oiladay gap edi-ku. Chinakam rivojlanish ongda, qalbda boshlanishi kerak. Aks holda o‘zgarish bo‘lmaydi.

Shu ma’noda aytish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti 2030-yilga qadar yurtimiz iqtisodiyotini chinakam yuksaltirishga qattiq bel bog‘ladi: yalpi ichki mahsulot miqdorini 160 milliard dollarga yetkazishdek katta vazifani oldimizga qo‘ydi. Bu juda katta ko‘rsatkich! Keyingi marra esa 200 milliard dollar! Bu so‘zlar o‘z-g‘ozi bilan aytilmayapti. Ming bora hisob-kitob qilinib, so‘ng e’lon qilinmoqda.

Takror bo‘lsa ham aytaman: ozod va erkin insonning qalbi bilan ishlamoq kerak. Shu o‘rinda aytish lozimki, dunyoning ba’zi hududlarida kuzatilayotganidek, ozodlik, demokratiya degani boshboshdoqlik emas, har kim bilganini qilishi emas, balki insonni anglash, tushunish, yurtni qadrlash kabi sof insoniy kechinmalarni ulg‘aytirishdir.

Ko‘pdan beri qalbimning tub-tubida bir niyat yashab keladi. Koshki, bu niyat amalga oshsa: “O‘zbeklar” degan, kamida o‘n jildlik ensiklopediya yaratilsa... U o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, ma’naviy obidalari, irim-sirimlaridan tortib, an’analari, urflari, qo‘shig‘u laparlari, duo va qarg‘ishlari, umuman o‘zbekka xos bo‘lgan hany qanday katta-kichik jihatni qamrab olsa. Va bularning barchasi alifbo tartibida bir tizimga tushirilsa, qanday katta ish bo‘lar edi. Bu akademik vazifani bajarish uchun butun boshli institut yoki ilmiy markaz ishlashi kerak bo‘ladi. Bunga bir yo ikki kishining qurbi yetmaydi. Agar mana shunday qomus yaratilsa, butun xalqning yagona kitobi bo‘lar edi. Bu kitob o‘zligimizning o‘zagi, asl manbasi bo‘lardi. Ehtimol, yangi avlod vakillari bu hisni amalga oshirar...

Insonni ma’rifat, ma’naviy yuksak g‘oyalar qutqarib qolishi, o‘zi orzu qilgan manzilga beshikast yetkazishi bashariyat tarixidan ma’lum. Shunday ekan, bugungi tezkor davrimizda yosh avlodning qalbida ham shu tuyg‘ularni parvarishlash dolzarbdir.

Bizning boshqa ayrim mintaqa xalqlaridan ustun, yutuq hisoblangan katta bir farqimiz bor. Bu – islom madaniyati. Xalqimizning tomirida azaldan ziyoga, ma’rifatga tashnalik bo‘lgan. Islom dini va madaniyatining aynan bizning yurtimizda quloch yoyib rivoj topishiga ham shu omil – o‘qildiz asosdir. Koinotda o‘z yo‘ldoshini izlab yurgan bir sayyora o‘z tengini topgan kabi, islom dini ham Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekistonda o‘z g‘oyalariga muvofiq muhitni topdi. Kamolga yetdi. Yuzlab alloma ajdodlarimizning ilmiy merosi bunga dalil bo‘la oladi. Shunday katta ma’naviy zaxiraga ega bo‘lgan xalqning istiqboli ham, uni belgilab beradigan yoshlari ham shunga munosib bo‘lishi kerak.

Bugun men o‘n sakkiz-yigirma yoshli nabiramga otam menga qo‘ygan talabni qo‘yolmayman. Bu gap bir qarashda to‘g‘ri, ammo talabning mohiyati o‘sha-o‘sha, faqat shakli o‘zgarganini tushunishim lozim. Ya’ni, bugun zamonaviy texnologiyalardan bemalol foydalanadigan yigit-qizlarimizga tarbiyaning qanday shakli kerakligini tezroq anglashimiz zarur. Davr hamisha o‘z so‘zini aytadi. Forobiyning, Konfutsiyning qarashlari bugun ham eskirgani yo‘q, ammo rakurslar o‘rin almashayapti, xolos. Xalqimizda “Yaxshini yomon bo‘ldi deb kuyunma, yomonni yaxshi bo‘ldi deb suyunma” degan naql bor. Shunday ekan, yuz ming yillik qonimiz bosib o‘tgan yo‘l – tajriba, asos bizni dog‘da qoldirmaydi deb o‘ylayman.

Yosh talabalarimdan biri yaqin orada menga shunday savol berdi: “Xalqni birlashtiradigan jihatlar – ilm-ma’rifat, din, iqtisodiyot ekan, xo‘sh, bularning qay birini birlamchi deb hisoblaysiz? Yoki bularning har biri birlamchimi?”.

O‘rinli savol. Hamma bilib olsa ziyon qilmaydigan gap.

Iqtisodiyot birlamchi! O‘zim iqtisodchi bo‘lganim uchun shunday deyapti deb o‘ylamasinlar. Chunki qorni to‘q odamning qulog‘iga gap kiradi-da. O‘ziga to‘q odam birorta muhtojning boshini silay oladi.

Masalan, Osiyo iqtisodiy tizimida lokomotivlardan biri bo‘lgan Singapur davlatini oling. Mamlakat aholisining demografiyasi xilma-xil: uchta til, uchta din, asosan uchta millat vakillaridan iborat g‘aroyib mamlakat. Yer osti resurslari juda kam. Birgina yutug‘i – ochiq dengizga yo‘l bor. Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotga erishgan. Singapurliklarning katta yutug‘i iqtisodiy islohotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olganida. Na din, na til, millatlar xilma-xilligi – bularning birortasi umumiy manfaat – mamlakat taraqqiyoti yo‘lida to‘sqinlik qilmaydi. Chunki qonunga hamma birdek amal qiladi.

Tarixni kuzating. Qaysi davrda iqtisodiyot barqaror rivojlangan bo‘lsa, o‘sha davrda ilm-fan, ijod, din... barchasi yuksalgan. Mana shu kabi izchil islohot hayotimizga tezroq ko‘chishi kerak.

Yutuqlar bilan birga kamchiliklarimizni ham aytishimiz lozim. Ko‘zguga tik qarashni o‘rganishimiz lozim. Biz haligacha Avloniy, Behbudiy, Fitrat kabi jadid bobolarimizni o‘ylantirgan maishiy muammolardan qutulib ketolmayapmiz. Alixontura Sog‘uniyning o‘kinch bilan aytgan gapi bor-ku, xalqimiz ilm-fan uchun ham oshxo‘rlikda birlashgandek birlashsa edi, olam guliston bo‘lardi. Yoki yillar davomida mashaqqat bilan yiqqan mablag‘imizni ba’zan bir kunlik to‘yga sovurib yuboramiz. Arzimagan, kerakmas bir hashamat uchun topgan-tutganimizni sochamiz. Bu kabi illatlardan qancha tez xalos bo‘lsak, shuncha tez o‘samiz, rivojlanamiz. O‘ylab, xulosa qilishimiz shart bo‘lgan jihatlar bu!

Bugun yoshlarga qarasangiz, ularning yurish-turishi, o‘zini tutishi, gap-so‘zlari qanday erkin. Dadil, bardam yigit-qizlar. Hech birining egni qisiq emas. Bu ham bo‘lsa mamlakatda boshlangan yangi bir hayotiy tutumning belgisi. Yangi davrning nafasi.

Ana shu farzandlarimiz endi o‘zini, o‘zligini, kimlarning avlodi ekanini chuqur anglab olishlari kerak. Bugungi dunyoda bo‘layotgan urushlar, ayrim joylarda insonning bir buyumchalik qadri yo‘qligini his etarkan, yurtning erki, mustaqilligi naqa'dar ulug‘ ne’matligini bilishi lozim. Tabiat – ulug‘ murabbiy. Suv o‘ziga o‘zi yo‘l topgani kabi bugungi avlodlar ham katta, globallashgan dunyoda o‘z yo‘llarini topadilar. Faqat shu zaminning, shu yurtning qadrini bilgan holda topilishi kerak bu yo‘l.

Nurislam TO‘XLIYEV, “Ma’naviy hayot” jurnali. 2025-yil 3-son.