ESHIGINGNI EL OCHSIN
Birovga chin ko‘ngildan yaxshilik sog‘inish katta gap. Inson tabiati shundayki, o‘zganing quvonchidan u kabi quvonish, dardiga chindan hamrozlik qilish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Bu ishni faqat xalq udda qiladi. Xalq dahosining teran, sermag‘iz og‘zaki ijodlaridan biri, tilaklar gultoji – duodir.
Birovga chin ko‘ngildan yaxshilik sog‘inish katta gap. Inson tabiati shundayki, o‘zganing quvonchidan u kabi quvonish, dardiga chindan hamrozlik qilish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Bu ishni faqat xalq udda qiladi. Xalq dahosining teran, sermag‘iz og‘zaki ijodlaridan biri, tilaklar gultoji – duodir.
Quyida Farg‘ona, Xorazm hamda Surxon vohasida turli marosimlarda tilanajak duolardan namunalar dastasi jamdir. Uch jilg‘a birlashib, daryoga do‘ngan ona tilimizning ajib jozibasi ham, xalqning yashash, o‘ylash tarzi, ruhi ham ma’lum ma’noda shu duolarda yuz ochgan. Ularda shevalarimizning qirq kokilday tovlanishi esa hech bir o‘zbekni befarq qoldirmaydi.
Tahririyat
Farg‘onacha duolar Olish duosi Ilohi omin!
Tuproq olsang, oltin bo‘lsin!
Hamisha yaxshilarga yaqinlashtirsin, yomonlardan uzoqlashtirsin!
O‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan, bevaqt o‘limdan o‘zi saqlasin!
Qo‘shog‘ing bilan qo‘sha qarib, bolalaring rohatini birga ko‘ringlar!
Boshlagan ishlaringni xayrli, barakatli qilsin!
El-yurtning xizmatidan charchamanglar!
Qiz uzatish duosi Ilohi omin!
Boshlagan to‘ylarimizga, Xizr buvam nazar qilsin!
Nabiraginam, borgan xonadoningda kattaga hurmatda, kichikka izzatda, ota-onang, yaqinlaring, ustozlaringga rahmat olib beradigan qiz bo‘lgin, ilohim! Sen bilan birga borayotgan xonadoningga fayz-baraka, baxt-iqbol kirib borsin. Borgan joyingda tup qo‘yib, palak yozgin. Farzandlaring ko‘p bo‘lsin. Ezgu niyatlaringga Olloh yetkazsin!
Omin!
Nikoh to‘yi duosi Ilohi omin, o‘zingga shukur, ko‘rsatganingga shukur! Ollohim, ikki yosh baxtli-taxtli, uvali-juvali bo‘lsin! Qo‘sha qarisin! Bir-birlariga mehrli-muhabbatli bo‘lib, mo‘min, solih farzandlarning ota-onalari bo‘lsin!
Kelasi yil hammamiz beshikto‘yiga kelaylik!
Omin!
Chaqaloqqa shukronalik duosi Ilohi omin, shu yangi tug‘ilgan chaqalog‘imiz Oyshabibi unib-o‘ssin!
Kamolga yetib, olimi jahon bo‘lsin!
Ko‘rganda ko‘z quvnaydigan, ota-onasi orzu qilganidek mo‘mina, soliha, halolu pok inson bo‘lsin!
Oysha onamizning ruhlari yor bo‘lsin!
Shodiyaxon YO‘LCHIYEVA yozib oldi.
Xorazmcha duolar Fotiha to‘yidagi duo O‘ng bo‘sin, o‘ng bo‘sin, yoyilib-yazilsinlar, qurilib duzalsinlar, ota-buvalaridin bir ibratli oila qursinlar. Xudoyim, shu qizimiz oy baxtli, oltin taxtli bo‘sin, uzumdin meva barib, gujumdin soya salsin, o‘zlarinnan ko‘paysinlar, mehrli, oqibatli bo‘sinlar.
Qutli o‘lg‘ay, muborak o‘lg‘ay, to‘ylar to‘yya ulashgiy, shu to‘ylarni oyoq izlari yarashgiy, davlat qushi galib shu ikki yoshni boshlarinda o‘rnashgiy. Ikki yosh qo‘shganlari bilan qo‘sha qarrigiy, gula sozlari jup bo‘lgiy, o‘g‘il-qizlari ko‘p bo‘lgiy, shaptolidin angilgiy, bariyatilgan xonadonina baxt alib bargiy, taxt alib bargiy. Dovlatli, ziynatli, izzatli, hurmatli galin bo‘lib, giyav bilan yulduzlari yarashgiy, qudalarga xizmatlari buyurgiy, qudachilik-mingyilchilik, og‘ziborchiliklarini varib, do‘qqiz oy do‘qqiz kunnan keyin ulli o‘kizlar apparib, beshik to‘ylarda o‘tirishni Olloh muyassar atgiy.
Qiz chiqarilayotganda aytilgan duolar Xudoyim, shu qizimiz bargan yerinda baxtli bo‘lsin, baxti oyoqina cho‘lashib borgan bo‘lsin, gujumdin soya varsin, uzumdin meva varsin, o‘zi bilan qorishib getsin. Borgan joyinda doshdin qatsin, indiki shu gunla beshik to‘ylarda yig‘ilmaqni nasib atsin, hammani uyinda shuningnin yaxshi gunlar bo‘lavarsin, omin, Ollohu akbar!
To‘y bo‘g‘iy, to‘ydan to‘yya ulashgiy, shu ikki yosh baxtli-saodatli o‘lg‘iy, shu giyav giyavmas o‘g‘il o‘b gagiy. Shu uylara xudoyim o‘g‘il bo‘b xizmatlari buyurgiy, o‘zlarinnan ko‘payib, ibinli-chibinli o‘b, hammani shunnin guna yetirgiy!
Iloho omin, yoyilib-yazilsinlar, o‘zlarinnan ko‘paysinlar, xizmatlari buyursin. Ikki tomonam biri birisini yomonlig‘ini go‘rsatmasin Ollohim, keyingi yil shu gunlardan oldiroq farzandli bo‘lganda oltin beshiklari olib barib beshikto‘ylar atib o‘tirmaqni xudoyi taolo nasibu ro‘z aylasin, hammani yaxshi gunlara yetiravarsin!
Kelin tushganda aytilgan duo Xudoyim, shu gagan galin shu xonadonga davlat akkagan bo‘sin, omad akkagan bo‘sin, quvonch, baxt akkagan bo‘sin. Dillari yumshaq bo‘sin, bashi ashaq bo‘sin, dog‘rag‘ani yog‘ bo‘sin, bikchagi barak bo‘sin, yuvjaki duvak bo‘sin, dog‘jaki o‘g‘il bo‘sin, arasida minjiqdin qizam bo‘sin. Shu xonadongi qudachiligi mingilichilik o‘lib, og‘ziborchiliklarini barib, doqqiz oy doqqiz kunnan keyin qo‘shadan beshiklar akkab o‘tirmaqi nasib atgiy. Omin daganlarni uyinda to‘y bo‘sin, yaxshi gun bo‘sin, ikki yosh qo‘sha qarisin!
Omin! Xudoyim, ikki yosh baxtli bo‘g‘iy, qo‘shqani bilan qo‘sha qarrigiy, gagan galinimiz shu uya galinmas, qiz bo‘lib gagan bo‘g‘iy. O‘zi bilan shu xonadonga baxtu saodat, fayzu barakat alib gagan bo‘sin. Shu xonadonda o‘nib-o‘ssin, yulduzlari yarashsin, bir-birlarina mehrli bo‘sin, serdavlat, serfarzand bo‘sin, o‘zlarinnan ko‘payishib, yenaki shu gunlarda Olloh axtiqlar bilan muborakobod qilib shu xonadonga beshik to‘ylara qutlab galmakimizi sho‘rdaki hammajikimiza nasib atgiy.
Xudoyim, bi galin qutli muborak o‘lg‘iy, o‘ngi, o‘sgiy, giyov bilan yeyilib, yazilib, o‘zlarinnan ko‘palgiy. Shu uylar to‘yxona o‘lg‘iy, murodxona o‘lg‘iy, hamisha yaxshi gunlarda galishni Ollohni o‘zi muyassar atgiy.
Beshik to‘yda aytilgan duo Bugungi xonadonimizni quvonchi o‘b dog‘ilg‘an farzandimiza uzoq yosh, geng davlat bersin. Oila ahlina moraq bo‘lsin, ela, yurta xizmati deyado‘n, solih farzand o‘b yetishsin, yeyilib yazilsinlar. Yurjaklaringiz to‘yni yo‘li o‘lg‘ay, yeyjaklaringiz to‘yni qo‘yi o‘lg‘ay. Sunnat to‘ylarina, farz to‘ylarina galib, qutlab o‘tirmaqi nasib atgay.
Nazokatjon SHARIPBAYEVA yozib oldi.
Surxoncha duolar Safar duosi Ilohi ovmin! Safaring bexatar bo‘sin! Xudoyjon senga yor bo‘sin, Muhammad payg‘ambar sardor bo‘sin. Hazrat Dovud yor bo‘sin, pirlar madadkor bo‘sin, Xo‘jayi Xizr jilovdor bo‘sin!
Qatorda xato bo‘masin, hech kim jomonliq ko‘rmasin!
Jomondan odashtirsin, yaxshiga motashtirsin!
Jo‘ling oq bo‘sin, juzing jorug‘ bo‘sin!
Oy borib omon kelgin!
Ovmin! Ollohu akbar!
Kelin-kuyovga duo Ilohi ovmin! Yo, poki Parvardigor! Shu ekki joshqa sendan so‘raymiz!
Oshkadiday tanob otsin, zardoliday gullab jotsin! Bovlari bekkam bo‘sin, chiqqan tovlari berk bo‘sin. Qorasidan jov qotsin, soyasida el jotsin! Qo‘toni to‘la qo‘y bo‘sin, qo‘shxonalari to‘y bo‘sin. Qozoni jovli bo‘sin, o‘chog‘i moyli bo‘sin!
Tilovini tus bersin, ul bersin-da qiz bersin, jolqiyamas egiz bersin! Tilovini tus bersin! Elding izzati bo‘sin, payg‘ambarding ummati bo‘sin!
Kelasi jil qudag‘aylari beshik-bovliq ko‘tarib kesin!
Ovmin, Ollohu akbar!
Kelin kelgandagi duo Cho‘ponning tayog‘idan, kelinning oyog‘idan dedik. Ilohi ovmin, kelgan kelinimiz izli-qutli kelin bo‘sin! Bosib kegan qadamlari shu xonadonga rizq-nasib opkegan bo‘sin! Etagi to‘la parzand bo‘sin, qo‘shog‘i bilan qo‘sha qarib, saksondan sakrab, to‘qson minan to‘qnashib, yuzlardan oshib oynab-kulib baxtli umr o‘tkazsin! Kegan eshigini pakkam desin, tushgan uyini Makkam desin, erini pirim desin! Qaynota-qaynonasiga kelin emas, qiz bo‘sin!
Serdavlat, serfarzand bo‘sin!
Ovmin, Ollohu akbar!
Sunnat to‘yi bo‘layotgan bolaga duo Ilohi ovmin! Shu chur(k)purron bo‘layotgan nebaramiz ham katta jigit bo‘sin! Xudoyjondan qo‘l ko‘tarib so‘raymiz: bu nebaramizning umri uzoq, irisqisi putun bo‘sin!
Eshigini el ochsin, tuynugini jel ochsin! Qorasidan jov qochsin, topqanini shu eliga chochsin! Elding oldi jigit bo‘p, bosh bo‘p jursin! Tub qozig‘i makkam bo‘sin! Qo‘li moyg‘a botib jotsin, topqanini eli minan billa totsin! Tuproq tutsa oltin bo‘sin! Umri uzoq, bobolariday, otalariday elu xalqiga qayishadigan jigit bo‘sin!
Ovmin, Ollohu akbar!
Feruza TO‘RAYEVA yozib oldi.
“Ma’naviy hayot” jurnali. 2026-yil, 1-son.