BEDOVLAR YUROLMAS YÖLDAN AYRILSA...
Qodir baxshi — özbek baxshilar san’atini taraqqiy ettirishda maxsus örin egallagan shoir, o’z vaqtida 100 ga yaqin terma, rivoyat va ertak, shuningdek, köproq dumbira kuylarini ijod qilgan. Jurnalda uning nasihatlari qayta e’tiborga jalb qilinmoqda. Ular asosan baxshilar uchun aytilgan bölib, öz-öziga muvofiq harakat qilish va qadrni saqlashni tavsiya qiladi. Dumbirani fohishaga ushlatmaslik, ustozni izzat qilish, eldan ayrilmaslik kabi masalalarga e’tibor qaratiladi.
Qodir baxshi o‘zbek baxshichilik san’atini Ergash Jumanbulbul va Fozil shoirdan keyin yangi bosqichga ko‘targan shoir. U saksondan oshiq doston, bir yuz yigirmadan ziyod terma, bir yuz oltmishdan ortiq ertak va rivoyatni kuylagan. Yuzdan ko‘proq do‘mbira kuylarini ijod qilgan. U o‘zbek xalq og‘zaki ijodi xazinalarini o‘z quvvai hofizasida jamlagan buyuk san’atkor edi.
Garchi bugungi dunyo hayotida nasihatning umri tugab borayotganday tuyulsa-da, quloqlar nasihatga taqa-taq yopilib qolayotganday ko‘rinsa-da, baribir Qodir baxshining nasihatlarini jurnalxonlarimizga havola qilishni istadik. Zora, ularni o‘qib, hali nasihatlarga ma’naviy ehtiyoj bor ekanini anglasak. Bu nasihatlar ko‘proq baxshilarga qarata aytilgan bo‘lsa-da, aslida hamma soha odamlariga tegishli.
Bir quloch o‘tin mo‘jizasi Do‘mbira bor-yo‘g‘i bir quloch yog‘och. Agar uni mahorat bilan chala bilsang, bulbuldan o‘ktam sayraydi. Agar chala bilmasang, bir quloch o‘tin nima, do‘mbira nima? Shuning uchun baxshi bo‘lsang do‘mbirani havoga tashlama, uning ustidan hech kim sakrab o‘tmasin.
Bilmaganingni aytma Doston katta bir dengiz, uni harom qilib ichma. Bilmagan dostoningni hech qachon aytma. Dostonning bosh qahramonini zaif qilib ko‘rsatma, agar qahramoning zaif bo‘lsa, eshituvchilar esnay boshlaydi.
Do‘mbira – yo‘ldoshing, sirdoshing, quvvating! Do‘mbirani fohishaga ushlatma.
Baxshi bo‘lsang, harom yo‘lga yurma.
Qadrni saqlash Doston kuylayotganingda hech qachon odamlarga o‘zingni ko‘z-ko‘z qilma.
Hech qachon ustozing bilan bellashma.
Ustozing oldida aroq ichma. Ustozing o‘tib ketgan bo‘lsa, haqqiga Qur’on tilovat qildirib tur. Ko‘ringanni ustoz deb izzatingni qochirma. Agar sen bir tumanga to‘yga borsang, u yerda keksa baxshi bor bo‘lsa, sen uni borib ko‘rgin yoki davraga olib kelgin. Bu ish sening donoligingni bildiradi.
Har kim holiga yarasha Xudo har kimga har xil qobiliyat beradi. Ana shu har xillik bir xil kasb egalari orasida nizo chiqaradi. Bu nizoni donolik bartaraf qiladi. Shunday ekan, har kim holiga yarasha, dangasa ko‘r puliga yarasha.
Tomirlar Sen baxshi bo‘lsang, avvalo qishlog‘ingning ko‘nglini top.
Oshingni itga bersang-da... Itga ber, yomonga berma oshingni, Musht qo‘ysa, itarma qarindoshingni, Avloding bilmayin egma boshingni, Mard deb yurgan kishing nomard bo‘lmasin.
Eldan ayrilma Turnalar ucholmas xildan ayrilsa, Bedovlar yurolmas yo‘ldan ayrilsa, Tog‘lar bukchayadi beldan ayrilsa, Mard yigitlar yig‘lar eldan ayrilsa.
Og‘a va singil Kelmay ketsang, izlagali, Dushman bo‘lsa, xezlagali, Oru nomusing olgali, Og‘a ham kerak yigitga.
O‘lchab to‘ningni bichgali, Sen uchun jondan kechgali, Ko‘rib quchog‘in ochgali Singil ham kerak yigitga.
Dunyo Bu dunyo avval boshdan qizib kelgan, Kattarog‘i maydasini ezib kelgan. Bittasining qurib ketgan imoratini, Ikkinchisi qayta boshdan buzib kelgan.
Natija Bexosdan to‘kildi yo‘l ustiga don, Ikkita yumron jang qildi chunon. Tulki asta kelib ikkisin tutdi, Donni esa kelib chumchuqlar yutdi.
Tahririyat. «Ma’naviy hayot» jurnali. 2025-yil 1-son.